Warning: Invalid argument supplied for foreach() in /srv/www/vhosts/sau.uz/httpdocs/wp-content/plugins/rss-poster/RSSPoster.php on line 489
Mijozlar minnatdor
O‘zA, Sayyora Shoyeva, Asqar Yoqubov (surat), 03.02.2012 12:59

Prezidentimiz Islom Karimovning Vazirlar Mahkamasi majlisidagi “2012 yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradigan yil bo‘ladi” ma’ruzasida so‘nggi besh yil davomida mamlakatimiz bank sektori kapitalining yetarlilik darajasi bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi tomonidan 8 foiz etib belgilangan xalqaro me’yordan uch barobar ko‘p bo‘lgan darajani tashkil etayotgani alohida ta’kidlandi.
Bu istiqlol yillarida mamlakatimiz bank-moliya sohasida uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan izchil va tizimli islohotlar berayotgan yuksak samaralarning amaldagi ifodasidir. Muhimi, aholining bank tizimiga ishonchi ortib bormoqda, banklar iqtisodiyotimizning mustahkam tayanchlariga aylanmoqda. Buni “Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat banki faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Ushbu bankdan ma’lum qilishlaricha, 2011 yilda “Ipoteka bank” barqarorligini oshirish, resurs bazasini mustahkamlash, xizmatlar ko‘lamini yuksaltirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar bajarilgan. Natijada bank kapitali 2010 yilga nisbatan 29,3 foiz o‘sib, 156,8 milliard so‘mga, depozit bazasi esa 837,7 milliard so‘mga yetgan. “Mudis” agentligi tomonidan mazkur bankning xalqaro reytingi “barqaror” baholangani ham buning tasdig‘idir.
Bank resurs bazasining kengayishi mijozlarni kreditlashni yanada faollashtirish imkonini berayotir. Xususan, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida kichik biznes subyektlari uchun bir qator qulayliklar yaratildi. Jumladan, ishbilarmonlarning samarali loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 4 nominatsiya bo‘yicha – “Eng yaxshi ishlab chiqarish”, “Eng yaxshi xizmat ko‘rsatish”, “Eng yaxshi yosh tadbirkor”, “Eng yaxshi ayol tadbirkor” tanlovlari o‘tkazildi. Unda Toshkent shahri va viloyatlardan yuzdan ortiq tadbirkor o‘z loyihalari bilan ishtirok etdi. Tanlov g‘oliblari pul yutuqlari va sovg‘alar bilan bir qatorda, loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlarga ega bo‘ldi.
Ana shunday tadbirlar samarasida bank 2011 yil davomida kichik biznes vakillariga 302,4 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratib, bu borada 2010 yilga nisbatan 1,6 barobar o‘sishga erishdi. Moliyaviy ko‘mak so‘rab murojaat qilayotganlarning ko‘pchiligi nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishida mehnat qilayotgani e’tiborga olinib, mazkur soha uchun 68,8 milliard so‘m, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun 55,6 milliard so‘m ajratildi. Hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlariga asosan 102 loyihaga 36,6 milliard so‘m yo‘naltirilib, 1,8 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi.
Bank tomonidan fermer va dehqon xo‘jaliklariga moliyaviy ko‘mak berish ham doimiy e’tiborda. Xususan, xorijdan nasldor qoramol keltirish, issiqxonalar tashkil etish, asalarichilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish uchun tadbirkorlarga 6,4 milliard so‘mdan ziyod moliyaviy ko‘mak berildi.
Jondor tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor Mo‘yiddin Bozorov 2011 yili “Ipoteka bank”ning Buxoro viloyati filialidan 210 million so‘m kredit olib, “Emir parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Uch yil muddatga berilgan mazkur mablag‘ evaziga tovuq va jo‘ja boqish liniyalari o‘rnatildi. 15 kishi ish bilan ta’minlandi.
– Fermamizda 17 mingdan ortiq tovuq va jo‘ja parvarishlanmoqda, – deydi M.Bozorov. – Mahsulotlarimizga talab katta. Shu bois, tuxum yetishtirishni oshirishga harakat qilyapmiz. Bunda hukumatimiz tomonidan parrandachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va banklarning moliyaviy ko‘magi muhim omil bo‘lmoqda.
Yurtimizda iqtisodiy nochor korxonalarni banklar balansiga o‘tkazib, ularni sog‘lomlashtirish borasida qo‘llangan noan’anaviy yondashuv bugun amalda o‘zini to‘la oqlamoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yil 4 oktabrda qabul qilingan “Raqobatbardosh mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish bo‘yicha birlamchi chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bir qator bankrot korxonalar bank balansiga kiritildi.
Xususan, Xorazm viloyatidagi “Katqal’ateks”, Navoiy viloyatidagi “Navoiy granit” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida modernizatsiya ishlari amalga oshirilib, ishlab chiqarish to‘liq qayta tiklandi va ular yangi investorlarga sotildi. Farg‘ona viloyatidagi “Valley mountain’s Fresh” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga esa 1,2 million dollar miqdorida sarmoya ajratilib, korxona zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Turli tarmoqlarga investitsiya kreditlarini yo‘naltirish ham doimiy e’tiborda. Modernizatsiya dasturi bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga 214,4 million dollar, farmatsevtika tarmog‘ida modernizatsiya dasturi bo‘yicha “Radiks” xususiy korxonasiga 4,3 million dollar, “Dentafil plus” xususiy korxonasiga 2,5 milliard so‘m, eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 45 milliard so‘m hamda 89,1 million dollar miqdorida kreditlar ajratildi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2007 yil 18 mayda qabul qilingan “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan yosh oilalar o‘z biznesini tashkil etishi va doimiy daromad manbaini yaratishi uchun 2011 yilda 3,7 milliard so‘mlik mikrokredit ajratildi.
Yosh oilalarni har tomonlama qulay, ko‘rkam va shinam uy-joylar bilan ta’minlash hamda ijtimoiy himoya qilish maqsadida 2011 yilda bank tomonidan 17 ko‘pqavatli turar-joy binolari qurilishi rejalashtirilib, 28,8 milliard so‘m kredit ajratildi. Natijada Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlarida jami 224 xonadondan iborat o‘n beshta ko‘pqavatli uy-joy foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 2010 yilda boshlangan uchta 72 xonadonli turar-joy binolari qurilishi yakunlandi.
Bank yosh oilalar uchun zamonaviy turar-joylar qurish bilan bir qatorda tijorat asosida ko‘pqavatli uylarni qurishni ham moliyalashtirmoqda. Jumladan, bankning moliyaviy ko‘magi bilan Toshkent shahrida 2010 yilda boshlangan 128 xonadonli uchta uy qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda 178 xonadonli beshta uy-joy qurilishi uchun 7,2 milliard so‘m kredit yo‘naltirildi. Buxoro va Navoiy shaharlarida shunday uylar qurilishi davom etmoqda.
“Ipoteka bank” tomonidan yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi bunday xayrli ishlar ko‘lami Mustahkam oila yilida yanada kengaymoqda.
So‘nggi yangiliklar:
To‘kinlik, farovonlik va baraka omili
Xolisona tahlil va tanqid ruhida
Ustuvor vazifalar muhokama etildi
















