Warning: Invalid argument supplied for foreach() in /srv/www/vhosts/sau.uz/httpdocs/wp-content/plugins/rss-poster/RSSPoster.php on line 489
Zamonaviy sport maktabi
O‘zA, M.Sulaymonov, 03.02.2012 15:44
Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yuksak samaralar bermoqda.
Quva tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabida to‘qqiz yuzdan ortiq o‘g‘il-qiz sportning yetti turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Yosh avlodning jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishida sportning o‘rni va ahamiyati katta. Shu bois mamlakatimizda bolalar sportini yanada rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, yangi sport inshootlari bunyod etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish hamda ularni talab darajasida jihozlash masalalariga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Farg‘ona viloyatida ham o‘tgan yillar davomida yuzdan ortiq sport inshooti qurildi, ko‘plab sport maydonchalari va zallari ta’mirlanib, zamonaviy sport inventarlari bilan jihozlandi. Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘i hisobiga bunyod etilgan Quva tumanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi shular jumlasidandir.
Zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan mazkur sport maskanida yoshlar tajribali murabbiylar ko‘magida akrobatika, badiiy gimnastika, boks, belbog‘li kurash, stol tennisi, qo‘l to‘pi va mini futbol kabi sport turlari bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, maktabda tashkil etilgan badiiy gimnastika to‘garagida 280 nafardan ziyod qiz o‘z mahoratini oshirmoqda.
– Sport inshootlarida yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar tufayli yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishi va intilishi tobora oshmoqda, – deydi mazkur sport maktabi direktori Ozoda Po‘latova. – O‘tgan yillar davomida maktabimiz tarbiyalanuvchilari mamlakat va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan ko‘plab musobaqalarda ishtirok etib, ellikdan ortiq oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Jumladan, o‘tgan yili akrobatika bo‘yicha Germaniyada bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda Fotima Kamolova va Kamola Rahmonova oltin medallarga sazovor bo‘ldi. Maqsadimiz bunday yutuqlar salmog‘ini yanada oshirish va yurtimizda sportni rivojlantirish ishiga munosib hissa qo‘shishdan iborat.
So‘nggi yangiliklar:
To‘kinlik, farovonlik va baraka omili
Xolisona tahlil va tanqid ruhida
Ustuvor vazifalar muhokama etildi
















