Kollejda davra suhbati

Kollejda davra suhbati

O‘zA, L.Suvonov, 27.02.2012 15:35

Olmaliq shahridagi tibbiyot kasb-hunar kollejida Toshkent viloyati hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida “Mustahkam oila – jamiyat poydevori” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda o‘smir qizlarda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish ko‘nikmalarini shakllantirish, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda qizlarni kengaytirilgan tibbiy ko‘rik bilan qamrab olish, ularni oilaviy hayotga tayyorlash, qizlar o‘rtasida balog‘atga yetmasdan turmush qurishning oldini olish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

– Kasb-hunar kollejimizda to‘rt yo‘nalish bo‘yicha bir yarim ming nafardan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda, – deydi Olmaliq shahar tibbiyot kolleji direktori X.Xidirova. – O‘quvchilarimizning asosiy qismini qizlar tashkil etadi. Kollejimizda xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yili ularning sa’y-harakati bilan shahardagi mavjud oltita kollej va bitta akademik litseyda o‘quvchi-yoshlar orasida turli kasalliklarning oldini olish, shaxsiy gigiyena qoidalarini keng targ‘ib qilish maqsadida bir necha bor seminarlar tashkil etildi. Seminarlarda nafaqat sog‘liqni saqlash sohasi, balki oila madaniyatini yuksaltirish, barvaqt nikohlarning oldini olish, yoshlarga oila muqaddasligini tushuntirish, o‘quv muassasalarida ana shu yo‘nalishlarda to‘garaklar tashkil etish kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

– 2012 yilning Mustahkam oila yili, deb e’lon qilinishi xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilotlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Olmaliq shahar ko‘p tarmoqli tibbiyot shifoxonasi o‘smirlar shifokori D.Ismatova. – Bunda ayollar va yoshlar o‘rtasida olib borilayotgan tarbiyaviy ishlarni yanada yaxshilash muhim ahamiyat kasb etadi. Sog‘lom avlodni dunyoga keltirish uchun, avvalo, ona sog‘lom bo‘lishi zarur. Shuning uchun ham har yili shahardagi mavjud kasb-hunar kollejlari va akademik litseyda kengaytirilgan tartibda o‘smir qizlar o‘rtasida tibbiy ko‘rik o‘tkaziladi. Mazkur ko‘rik doirasida qizlar xirurg, terapevt, okulist, akusher-ginekolog kabi bir qator mutaxassislar tekshiruvidan o‘tadi. Biron bir kasallik aniqlangan taqdirda darhol sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi. Bugungi tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham aholiga ana shu tibbiy ko‘riklarning ahamiyatini keng tushuntirishdan iboratdir.

Tadbir doirasida o‘quvchi-yoshlar ishtirokida interfaol mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda talabalar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

So‘nggi yangiliklar:

Pillakorlar uchun seminar

Qonun loyihasi keng muhokama etilmoqda

Komissiya majlisi

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturi to‘g‘risida

Har bir bola mehr va e’tiborda

Javob berish