Yigitlar harbiy xizmatga yo‘l olmoqda

Yigitlar harbiy xizmatga yo‘l olmoqda

O‘zA, Sardor Tojiyev, Asqar Yoqubov (surat), 28.02.2012 21:05

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov tomonidan berilayotgan doimiy e’tibor samarasida mustaqillik yillarida harbiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Harbiy xizmatni o‘tash muddati bir yilga qisqartirilib, harbiy xizmatga chaqirish bir yilda bir marotaba o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq shu kunlarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun navbatdagi chaqiruv davom etmoqda. Bugun armiyada xizmat qilish yigitlardan jismonan sog‘lomlik bilan birga tanlov asosida saralash davomida aniqlanadigan yuksak intellektual salohiyat va keng dunyoqarashni, yuksak ma’naviy-ruhiy tayyorgarlikni ham talab etmoqda. Zero, milliy armiyamizning saflari Vatan himoyasi uchun hamisha tayyor turadigan jasur va dovyurak yoshlar bilan to‘ldirilmog‘i zarur.

Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasining yig‘ilish punktida o‘tkazilgan milliy armiyamiz saflariga chaqirilgan yoshlarni tantanali kuzatish marosimida bu haqda alohida to‘xtalib o‘tildi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakili podpolkovnik Kaypnazar Baxiyev, poytaxtimizning Uchtepa tumani hokimining o‘rinbosari Aziz Yoqubov, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Uchtepa bo‘limi raisi Rayxona O‘rmonova, ota-onalar nomidan so‘zga chiqqan Zulfiya Asatullayeva va boshqalar yigitlarni ushbu unutilmas damlar bilan qutlab, Vatan himoyasidek mas’uliyatli ishda ularga zafarlar tiladilar.

– O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan, – deydi bo‘lajak askar Dilmurod Miralimov. – Boshqa tengdoshlarim qatorida Vatan oldidagi muqaddas burchimni ado etish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan xursandman. Men bolaligimdan harbiy aloqachi bo‘lishga qiziqaman va aynan shuning uchun ham Toshkent aloqa kasb-hunar kollejida o‘qidim. Kelajakdagi orzuim – armiyada harbiy xizmatni muvaffaqiyatli o‘tab, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakultetida o‘qishni davom ettirish va ofitser bo‘lish.

Mana shunday bayramona kunda o‘g‘li Mirjalolni armiyaga kuzatish uchun Alimovlar oilasi ham bu yerga kelgan.

– Armiya bizning farzandlarimiz uchun mardlik va matonat, haqiqiy hayot maktabidir, – deydi oila boshlig‘i Mirtohir Alimov. – Harbiy xizmatni o‘tash uchun mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar yigitlarni katta hayot sari yo‘llaydi, ulardagi bor imkoniyatlarning ro‘yobga chiqishiga ko‘maklashadi. Mamlakatimizda olib borilayotgan hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi izchil, bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bizning faxrimizga aylangan milliy armiyamiz kuch-qudratining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Bunday fikrlar va minnatdorchilik so‘zlarini mamlakatimizning barcha hududlarida shu kunlarda o‘z farzandlarini milliy armiyamiz saflariga kuzatayotgan ota-onalardan eshitish mumkin.

So‘nggi yangiliklar:

Temir yo‘l infratuzilmasiga investitsiyalar jalb qilish – iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning muhim omili

Qurilish sanoati yutuqlari namoyish etilmoqda

Mudofaa vazirligida uchrashuv

Yigitlar harbiy xizmatga yo‘l olmoqda

Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари