Qonun loyihasi takomillashmoqda

Qonun loyihasi takomillashmoqda

O‘zA, 28.02.2012 17:16

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi, Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi hamda O‘zLiDeP fraksiyasi tomonidan joylarda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Nukusda o‘tgan ana shunday tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari, tadqiqotchilar, huquqshunoslar, fermer va tadbirkorlar ishtirok etdi.

Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi A.Abduhakimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Sobirjonov va boshqalar mamlakatimizda mulkdorlar sinfini shakllantirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganini alohida ta’kidladi. Mamlakatimizda xususiy mulkning huquqiy himoyasini tashkil etishga qaratilgan qonunchilik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalar asosida ishlab chiqilgan «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham xususiy mulk huquqini amalga oshirish, mulkdorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, mulk daxlsizligini ta’minlashning kafolatlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Mazkur qonun loyihasining ishlab chiqilishi va uning joylarda keng muhokama etilayotgani mulkdorlar huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir qonunchilik tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda qonun loyihasida belgilangan me’yorlarning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berildi.

– Mulkdorlar sinfining manfaatlari qonunlar asosida himoya qilinayotgani xususiy sektorni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda, – deydi Xo‘jayli tumanidagi “Azler bobo” fermer xo‘jaligi rahbari Jumamurod To‘ramurodov. – Mazkur qonunning qabul qilinishi bozor iqtisodiyotining negizi bo‘lgan xususiy mulkka davlat tomonidan berilayotgan kafolatlarni yanada mustahkamlash imkonini beradi.

Muhokama davomida fermerlar, huquq sohasi tadqiqotchilari, tadbirkorlar qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.

So‘nggi yangiliklar:

Temir yo‘l infratuzilmasiga investitsiyalar jalb qilish – iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning muhim omili

Qurilish sanoati yutuqlari namoyish etilmoqda

Mudofaa vazirligida uchrashuv

Yigitlar harbiy xizmatga yo‘l olmoqda

Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi

Javob berish