Faol ayollar safi kengaymoqda

Faol ayollar safi kengaymoqda

O‘zA, A.Ortiqboyev, 28.02.2012 15:42

Bugun davlat va jamiyat qurilishi, ishlab chiqarish tarmoqlari, ilm-fan, madaniyat, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, fermerlik, tadbirkorlik sohalarida xotin-qizlar salmoqli o‘rin egallamoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini kuchaytirish, oiladagi mavqeini mustahkamlash, huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Orolbo‘yida amalga oshirilayotgan ishlar xususida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zuhra Ibragimova O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda ayollarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning kasb, jismoniy, ma’naviy va intellektual saviyasini yuksaltirishga oid ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Ayni paytda xotin-qizlarning salomatligini saqlash, har jihatdan mustahkam oilani shakllantirish, ayollar va oila sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish bo‘yicha amaliy ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotir.

Prezidentimizning 2009 yil 13 aprelda qabul qilingan “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ona va bola salomatligini muhofaza qilish chora-tadbirlari kuchaytirilmoqda.

Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom farzand tug‘ilishiga erishish, jismonan va ma’naviy sog‘lom avlodni kamolga yetkazish borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan belgilangan dastur bo‘yicha aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, tug‘ish yoshidagi ayollar sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Homiladorlikka nisbiy yoki mutlaqo moneligi bo‘lgan ayollar uchun o‘ziga xos kontratsepsiya vositalarini qo‘llash, istalmagan homiladorlikning oldini olish, farzandlar tug‘ilishi oraliq muddatini uzaytirish, ona va bola salomatligini mustahkamlash borasida muayyan ishlar qilinmoqda. Xususan, o‘tgan yili tug‘ish yoshidagi barcha ayollar chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.

Har bir ayol zimmasida farzand tarbiyasi, oila va jamiyatdagi o‘ziga xos mas’uliyat hissi bor. Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari orasida 8 nafar, shahar va tuman kengashlari deputatlaridan 81 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Fuqarolar yig‘inlarida 377 nafar diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha ayol maslahatchilar faol ish olib bormoqda.

Xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini mustahkam qaror toptirish maqsadida muntazam o‘tkazilayotgan grant dasturlar, ijtimoiy loyihalar, xayriya aksiyalari, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari yaxshi samara berayotir.

Xotin-qizlar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab quvvatlash markazi – “Ko‘ngil nuri” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xotin-qizlar fondi – YUNIFEM bilan hamkorlikda o‘tgan yili Qanliko‘l tumanidagi 78 nafar ayolga yillik stavkasi 3 foizlik kredit mablag‘lari berildi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining “Hududlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi granti asosida Chimboy tumanidagi “Elonora-Araylim” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida yangi tikuv sexi ishga tushirildi. germaniya texnologiyasi asosida Xitoyning “Gemsy” va Yaponiyaning “Janome” firmalarida ishlab chiqarilgan kompyuter yordamida boshqariladigan zamonaviy tikuv mashinalari o‘rnatilgan bu sehda 15 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

Mazkur seh rahbari Maryash Najimova O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Tashabbus” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egalladi. Tikuvchi Asiya Jetesova esa milliy qo‘g‘irchoqlar festivalida sovrinli o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Beruniy tumanida o‘tgan yili xotin-qizlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka faol jalb etish orqali uch yuzga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi. “Mikrokredit bank”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit hisobiga 110 nafar xotin-qiz tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi. Pillachilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan xalqaro loyiha doirasida tumanda tashkil etilgan “Go‘zal-Atlas” kichik korxonasida yigirmaga yaqin ayol ish bilan ta’minlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tgan yili bandlik dasturiga ko‘ra yaratilgan 49 ming olti yuzdan ortiq yangi ish o‘rinlarining 40 foizi xotin-qizlar uchun tashkil etildi.

“Tadbirkor ayol” uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va banklarning moliyaviy yordamida ayollarni mikrokreditlar bilan ta’minlash, ularga uy-ro‘zg‘or yumushlaridan ajralmagan holda oilasining iqtisodiy ahvolini yaxshilashi uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yurtboshimiz O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Homiylik kengashi yig‘ilishida qoraqalpog‘istonlik yosh sportchilar erishayotgan yutuqlarga alohida to‘xtalib, ulardan 16 nafari Osiyo va jahon birinchiliklarida 9 oltin, 7 kumush va 9 bronza medalini qo‘lga kiritganini alohida ta’kidladi. Sovrindor sportchilarning 6 nafari qizlardir. Sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bois, ayni chog‘da mintaqamizda faoliyat olib borayotgan yuzdan ortiq to‘garaklarda 1 ming 754 nafar qiz sportning badiiy gimnastika turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Orolbo‘yi ayollari ham hoh dastgoh yonida, maktab va shifoxonada bo‘lsin, hoh xizmat ko‘rsatish sohasi yoki olis yaylovlarda bo‘lsin – barcha sohalarda Vatan kelajagi, el-yurt farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotir. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oilani ham, jamiyatimizni ham birlashtirib, unga fayzu-baraka kiritadigan, xonadonlarimizni mehr-muhabbat, nafosat, ezgulik nuri bilan munavvar qiladigan zotlar ham aslida mo‘tabar onalarimiz, munis opa-singillarimizdir.

So‘nggi yangiliklar:

Temir yo‘l infratuzilmasiga investitsiyalar jalb qilish – iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning muhim omili

Qurilish sanoati yutuqlari namoyish etilmoqda

Mudofaa vazirligida uchrashuv

Yigitlar harbiy xizmatga yo‘l olmoqda

Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари