Islohotlarni chuqurlashtirishda xotin-qizlarning hissasi ortmoqda

Islohotlarni chuqurlashtirishda xotin-qizlarning hissasi ortmoqda

O‘zA, A.Ivanova, 29.02.2012 18:53

Mamlakatimiz xotin-qizlari istiqlol yillarida ularning huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish borasida yaratilgan sharoitlarni qanday baholaydi, O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ishiga ular qanday hissa qo‘shmoqda, Ayollarning ijtimoiy hamda mehnat faolligi qay darajada? “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan Prezidentimiz Islom Karimovning 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini amalga oshirish natijalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov davomida bu kabi savollarga javob olindi.

So‘rovda mamlakatimizning barcha hududlaridan yoshi, ma’lumoti, millati, e’tiqod va ijtimoiy maqomi turlicha bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har qaysi jamiyatning ayollarga bo‘lgan munosabati uning demokratik o‘zgarishlar yo‘lidan nechog‘li ilgarilab ketganini hamda madaniy-ma’naviy darajasini belgilaydi.

So‘rov davlatimiz rahbarining 2004 yil 25 mayda qabul qilingan mazkur farmoni xotin-qizlarning mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish hamda samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lganini ko‘rsatdi. Parlament, hokimiyat va boshqaruv organlari, shuningdek, siyosiy-ijtimoiy sohada ularning ishtiroki ancha kengaydi. Buni so‘ralganlarning har ikki nafaridan biri qayd etdi.

So‘rov davomida olingan ma’lumotlar ayollarning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faolligi yuqori darajada ekanini namoyon etmoqda. Ishtirokchilarning 84,3 foizi shunday fikr bildirdi. Ayollar o‘zlari uchun mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlardan mamnun, ularning fikricha, bu ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy faollikning, shuningdek, oila hamda jamiyatda xotin-qizlarning mavqei oshishiga ko‘maklashmoqda.

Ijtimoiy tadqiqot davomida O‘zbekiston xotin-qizlarining mamlakatimizda demokratik islohotlar jadallashgani sayin o‘z huquqlari, imkoniyatlari va kelajak avlod uchun jamiyat oldidagi majburiyatlarini yana teran anglayotgani oydinlashdi. So‘rov qatnashchilarining O‘zbekistonda xotin-qizlarning barcha asosiy huquqlari ta’minlanayotganiga ishonchi komil. Masalan, ular ta’lim olish (90 foizi), mehnat qilish (82 foizi), tibbiy xizmatlardan foydalanish (80 foizdan ortig‘i), shuningdek, qonunda belgilangan boshqa huquqlari himoya qilinayotganini yuqori baholaydi. “Siz huquqlaringizning yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan buzilishlardan huquqiy himoyalanganingizni qay darajada his etasiz?” degan savolga ularning qariyb 90 foizi “to‘liq his etaman” deb javob berdi. So‘rov natijalari, shuningdek, ayollarimizning huquqiy savodxonligi, o‘z huquqlari va O‘zbekiston qonunchiligidan xabardorligi oshganini ko‘rsatdi.

So‘rov qatnashchilari Prezidentimizning “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini amalga oshirish davomida onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. Ular mamlakatimizda xotin-qizlar salomatligini yaxshilash borasida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikka yuksak baho berdilar. Shuningdek, qizlarimiz – bo‘lajak onalar salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadigan sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan sharoitlarni alohida ta’kidladilar.

Mustaqillik yillarida xotin-qizlarning ijtimoiy hayoti yanada boyidi. Tadqiqot ma’lumotlariga qaraganda, aksariyat ayollar o‘zining moddiy ahvoli, oilasidagi munosabatlar va umuman, hayotidan mamnun. Ular bunda xotin-qizlar va oilani kuchli ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlar muhim omil bo‘lmoqda, deb hisoblaydi. Mamlakatimizning barcha hududlarida so‘rov ishtirokchilari o‘z oilalari farovonligi barqaror yuksalib borayotganini va bu ko‘p jihatdan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani samarasi ekanini qayd etdi.

Fuqarolik mas’uliyati, saylash erkinligi, inson qadr-qimmati, adolatlilik kabi tushunchalar O‘zbekiston xotin-qizlari hayotidan mustahkam o‘rin egalladi. Ularning hayotdagi maqsadlari, o‘ziga, atrofdagilarga, davlat va jamiyatga munosabati o‘zgardi.

Xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rni, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda bandligi rivojlanishning muhim ko‘rsatkichlaridan hisoblanadi. So‘ralganlarning fikricha, O‘zbekistonda puxta o‘ylangan gender siyosati amalga oshirilmoqda, xotin-qizlar o‘z salohiyatini namoyon etishi, ish joyida yuqori lavozimlarga ko‘tarilishi uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga ega.

Davlatimiz rahbari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratish, soliq va boshqa imtiyozlar berish orqali xotin-qizlar o‘rtasida kichik hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir amalga oshirilayotgan siyosat yuksak samaralar berayotir. So‘ralganlarning uchdan bir qismidan ortig‘i tadbirkorlik sohasida mehnat qilmoqda yoki o‘z ishini tashkil etishni mo‘ljallamoqda. So‘rov davomida mamlakatimizda tadbirkor ayollar ularga o‘z ishlab chiqarishlarini, kasanachilikni tashkil etishga ko‘maklashish orqali qo‘llab-quvvatlanayotgani alohida ta’kidlandi.

Prezidentimizning yuqorida zikr etilgan farmonida belgilangan vazifalarga muvofiq, mehnat jamoalari, o‘quv yurtlari, mahallalarda keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy ishlar amalga oshirilmoqda. So‘rovda qatnashgan xotin-qizlarning ko‘pchiligi mazkur ishlarni samarali deb hisoblashini, bu borada diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar faoliyati muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

O‘tkazilgan so‘rov davlatimiz rahbarining jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va mavqeini oshirish, ularning mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlardagi ishtirokini kengaytirish, huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash, kasbiy hamda intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish, xotin-qizlar va bolalar salomatligini yaxshilashga doir ishlarni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan siyosati aholi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqladi. O‘zbekiston xotin-qizlari bunday g‘amxo‘rlikni yuksak baholaydi. Turli sohalarda mehnat qilib, munosib yosh avlodni tarbiyalayotgan ayollarimiz jamiyatimizni yuksaltirish hamda mamlakatimizni modernizatsiya qilishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

“Ijtimoiy fikr” markazi
materiallari asosida.

So‘nggi yangiliklar:

O‘zbekiston osmonida yana bir “Boeing” samolyoti

Bolalar va xotin-qizlar huquqlari: Milliy va xorijiy tajriba

Islohotlarni chuqurlashtirishda xotin-qizlarning hissasi ortmoqda

O‘zbekiston – Yaponiya – 1:0

Qonun loyihasi o‘rganilmoqda

Javob berish