Yoshlar sog‘lom turmush tarafdori

Yoshlar sog‘lom turmush tarafdori

O‘zA, N.Abduraimova, 29.02.2012 15:08

Mamlakatimizda yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor osoyishtalik va farovonlikning muhim omili bo‘lib xizmat qilayotir.

Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, eng katta boyligimiz bo‘lmish – yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglikni, millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrash, yoshlarimizni milliy g‘oya ruhida tarbiyalash, ularning ongi va qalbini turli zararli ta’sirlardan himoyalash hozirgi kunda naqadar dolzarb va muhim vazifaga aylanayotganini unutmasligimiz darkor.

Giyohvandlik ana shunday ma’naviy va mafkuraviy xurujlardan biridir. Bu ofatning domiga tushgan odam hech narsadan tap tortmaydigan, har qanday razillikka qo‘l urishga tayyor kimsaga aylanib qoladi. Shu bois mamlakatimizda giyohvandlikning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida samarali faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha davlat tizimi shakllantirilgani bunda muhim omil bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan har yili yoshlar o‘rtasida narkotik vositalarning tarqatilishiga qarshi kurash oyligi o‘tkazib kelinayotgani ham o‘z samarasini berayotir. Joriy yilda ham 1 fevraldan 1 martgacha yurtimizda Yoshlar orasida narkotik vositalarning tarqatilishiga qarshi kurash profilaktika tadbirlari oyligi e’lon qilingan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi matbuot markazidan ma’lum qilishlaricha, oylik davomida mamlakatimizdagi barcha ta’lim dargohlari, yoshlar faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilgan. Ma’ruza, seminar va anjumanlar hamda ko‘rgazmali vositalar yordamida “zahri qotil”ning qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi keng tushuntirilgan.

– Universitetimizda “Biz – giyohvandlikka qarshimiz” mavzuida o‘tkazilgan tadbir bizda juda katta taassurot qoldirdi, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti fizika fakulteti talabasi Sherzod Xidirov. – Giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan kishining qotillik, bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik, firibgarlik singari jinoyatlarga qo‘l urishi hayotiy misollar asosida tushuntirildi. Biz bu illatdan doimo uzoq yurish zarurligini yana bir bor chuqur anglab yetdik.

Tadbirlar davomida ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan tayyorlangan “Giyohvandlik – umr zavoli” videofilmi, “O‘z yo‘lingni tanla”, “Buyuk yurtning barkamol avlodlari”, “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” kabi sog‘lom turmush tarzining ahamiyati va giyohvandlikning salbiy oqibatlari aks ettirilgan ko‘rgazmali vositalar namoyish etildi.

So‘nggi yangiliklar:

O‘zbekiston osmonida yana bir “Boeing” samolyoti

Bolalar va xotin-qizlar huquqlari: Milliy va xorijiy tajriba

Islohotlarni chuqurlashtirishda xotin-qizlarning hissasi ortmoqda

O‘zbekiston – Yaponiya – 1:0

Qonun loyihasi o‘rganilmoqda

Javob berish