Kelajakka qat’iy ishonch bilan…

Kelajakka qat’iy ishonch bilan…

O‘zA, Lutfulla Suvonov, 29.02.2012 14:40

Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, kasb mahorati, jismoniy, intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bandlik muammosini hal etish, tadbirkor ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2004 yil 25 mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bunday keng qamrovli ishlar ayollarning oila va jamiyatdagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Sayyora Fayziyeva O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiriga bu haqda quyidagilarni gapirib berdi:

– Mustaqillik ayollarimiz hayotida, turmush tarzida, qarashlarida, intilish va maqsadlarida tub burilish yasadi. Bu davlatimiz rahbari rahnamoligida xotin-qizlarning barcha jabhada faolligini oshirish, salohiyati, iqtidori va imkoniyatlarini namoyon etishi uchun shart-sharoit yaratishga, ularning haq-huquqlarini muhofaza qilishga qaratilayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir. Bugun ayollarimiz ilm-fan, san’at, sport, iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Uy-ro‘zg‘or yumushlari, farzand tarbiyasi, odatda, ayollar zimmasidadir. Yurtboshimiz rahnamoligida aholi turmush farovonligini yanada oshirish yo‘lida qilinayotgan keng ko‘lamli ishlar, avvalo, ayollarimiz mehnatini yengillashtirish, ularga qulayliklar yaratishdek ezgu maqsadga qaratilgan.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida 5 mingdan ortiq tadbirkor va 500 nafarga yaqin fermer ayol faoliyat yuritib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib ulush qo‘shib kelmoqda. Xotin-qizlarning viloyat siyosiy hayotidagi o‘rni ham yil sayin ortib bormoqda. Bugungi kunda 20 mingga yaqin xotin-qiz turli siyosiy partiyalarning faol a’zosi hisoblanadi. Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, viloyatdagi xotin-qizlarning oila yumushlaridan ortib, jamiyat hayotida ham faol ishtirok etishlari sezilarli darajada oshib borayotir.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2012 yilning yurtimizda Mustahkam oila yili, deb nomlanishi xotin-qizlar qo‘mitasi zimmasiga ham katta vazifalar yuklaydi. Chunki oila mustahkamligini ta’minlash ko‘p jihatdan ayol kishiga bog‘liqligi barchamizga yaxshi ma’lum. Shu sababdan ham oila qurish yoshiga yetib qolgan qizlarimizni turmushga tayyorlash, ular oila muhitiga moslashish uchun yoshlikdan ko‘nikma hosil qilishlari maqsadida “Oila” ilmiy-amaliy markazi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” jamg‘armasi viloyat bo‘limlari, adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida qator davra suhbatlari, uchrashuv va muloqotlar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va maktablarda tashkil etilgan “Yosh oila quruvchilar maktabi”, “Orasta qizlar” to‘garaklarida olib borilayotgan mashg‘ulotlar ham qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasidagi ishlarimizni yanada yaxshilashga xizmat qilayotir.

Oilalarning mustahkam bo‘lishiga puxta zamin yaratuvchi omillardan yana biri – bu oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishdir. Yaxshi ma’lumki, iqtisodiy jihatdan ta’minlangan oilalarda turli muammolar kamroq yuzaga keladi. Bu borada viloyatda oilaviy tadbirkorlik hamda hunarmandchilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlar uchun yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlar tufayli yildan-yilga shu sohada xotin-qizlar faolligi oshib bormoqda.

Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi va hamkor tashkilotlar ishtirokida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kengaytirish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularga imtiyozli kreditlar berilishida amaliy yordam ko‘rsatish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ko‘plab seminar-mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Seminarlarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar va tadbirkorlik subyektlarining haq-huquqlari, biznes-reja tuzish, bozorni o‘rganish, kredit olish tartiblari, soliqlar sohasida imtiyozlar va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tijorat banklari bilan hamkorlik borasida zarur tavsiyalar berilmoqda. Shuningdek, mazkur o‘quv-seminarlarda minglab xotin-qizlar o‘zlarining tadbirkorlik sohasidagi bilimlarini boyitish bilan birga imtiyozli kredit olishga ham erishmoqda.

O‘tgan yili Markaziy bankning viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda ayollar uchun imtiyozli kreditlar ajratish loyihasi ishlab chiqildi va 100 nafarga yaqin ayolga tijorat banklari tomonidan 2 milliard 527 million so‘mlikdan ortiq imtiyozli kreditlar berildi. Ming nafardan ortiq xotin-qizga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha manbalar hisobidan jami 21 milliard 875 million so‘mlikdan ortiq miqdorda kreditlar ajratildi.

Viloyatning chekka hududlarida ham ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayollar rahbarlik qilayotgan xususiy korxonalar, mikrofirmalarga investitsiya olib kirish orqali modernizatsiya qilish, kengaytirish va ish o‘rinlari sonini ko‘paytirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etilgan. Ishchi guruhi joylarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan ayollarga yaqindan ko‘mak berib kelmoqda.

Viloyatda jamiyat hayotida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ayollar huquqlarini himoyalash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalarida rahbar va tadbirkor ayollar faollik ko‘rsatmoqda. Barcha shahar, tumanlarda yetakchi ayollarning faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida “Rahbar ayollar” klubi tashkil etilgan. Klub a’zolari tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi, mahallalardagi, mehnat jamoalaridagi rolini kuchaytirish, ularning huquqiy va iqtisodiy bilimlarini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatimizda har yili xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash dasturi ishlab chiqiladi va yil davomida ushbu dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini bajarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida o‘tgan yili viloyatda 47 ming nafardan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Jumladan, uy mehnatining barcha turlari bo‘yicha o‘n mingga yaqin ish o‘rinlari tashkil etildi.

Darhaqiqat, ayollarimiz oiladagi tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat muhitini saqlash, farzandlarini sog‘lom etib tarbiyalash barobarida, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotidagi yangilanish jarayonlarida ham faol ishtirok etmoqda. Jamiyat ravnaqiga daxldorlik va kelajakka qat’iy ishonch hissi bilan yashamoqda.

So‘nggi yangiliklar:

O‘zbekiston osmonida yana bir “Boeing” samolyoti

Bolalar va xotin-qizlar huquqlari: Milliy va xorijiy tajriba

Islohotlarni chuqurlashtirishda xotin-qizlarning hissasi ortmoqda

O‘zbekiston – Yaponiya – 1:0

Qonun loyihasi o‘rganilmoqda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари