Orzum – O‘zbekistonni dunyoga tanitishga hissa qo‘shish

Orzum – O‘zbekistonni dunyoga tanitishga hissa qo‘shish

O‘zA, Yorqul Umar, A’lo Abdullayev (surat), 13.03.2012 16:31


Suratda: Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 13-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Mohinur Qahramonova.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan yosh iqtidor sohibalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, ularni yuksak ijodiy parvozlar sari rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari safidan Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 13-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Mohinur Qahramonova ham o‘rin oldi.

Mohinurning shaxmatga qiziqishi juda erta – bolaligidanoq uyg‘ondi. Ota-onasi – xalq ta’limi xodimlari Narimon aka va Guljamol opa qizlarining bu qiziqishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. Mohinurni Zarafshon shahridagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Markaziy kon boshqarmasining “Progress” sport majmuasi shaxmat to‘garagiga olib borishdi. Bu yerda unga murabbiy Ziyatdin Taxmazov “aql gimnastikasi” sir-asrorini puxta o‘rgatdi.

Tabiatan tirishqoq, o‘tkir zehnli bu qiz shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan turli musobaqalarda faol qatnashib, o‘z bilim va tajribasini boyitib bordi, muvaffaqiyatlarga erishdi. 2005 yili 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan shaxmat turnirida ishtirok etib, viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Keyinchalik O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida tashkil etilgan bellashuvda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2007 yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan Osiyo chempionatida yaxshi natija ko‘rsatib, jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Shu yili Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatidan muvaffaqiyat bilan qaytdi.

Erishilayotgan bunday natijalar Mohinurni yanada faol bo‘lishga, bilim va mahoratini oshirish borasida tinimsiz izlanishga undadi. U 2008 yili shaxmat bo‘yicha 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida kumush medal sohibasi bo‘ldi, Osiyo va jahon chempionatlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi. Shu yili Eronda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida faxrli o‘rinlardan birini egalladi. Hindistonning Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo birinchiligida eng yuqori o‘rinni band etdi. “Umid nihollari – 2009” musobaqasining final bosqichida 3-o‘rinni qo‘lga kiritib, “Musobaqa malikasi” nominatsiyasi bo‘yicha sovrindor bo‘ldi.

– Mohinur – noyob iqtidor egasi, – deydi murabbiy Ziyatdin Taxmazov. – Uning eslab qolish qobiliyati g‘oyat rivojlangan bo‘lib, o‘rgatilgan har bir usulni juda tez o‘zlashtiradi. Tartibga qat’iy rioya qiladi, mas’uliyatni teran his etadi, hech qachon mashg‘ulotlarni qoldirmaydi. Mohinur kelajakda bundan-da yuksak marralarni zabt etishiga ishonaman.

Ayni paytda Mohinur ota-onasi, ustozlari ishonchini oqlashga harakat qilmoqda. Fanlarni chuqur o‘zlashtirish barobarida shaxmat bo‘yicha o‘z bilim va tajribasini oshirayotir.

– Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganimdan quvonchim cheksiz, – deydi Mohinur. – Yurtboshimiz rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarning o‘z iste’dodini to‘la namoyon etishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda. Orzum – mana shunday keng imkoniyatlardan samarali foydalanib, kuchli shaxmatchi bo‘lish, O‘zbekistonimizni dunyoga tanitishdek sharafli ishga o‘z hissamni qo‘shishdir.

So‘nggi yangiliklar:

Pochta aloqasida axborot tizimlari samarasi

Yosh musiqachilarimiz muvaffaqiyati

Fotogalereya: O‘zbekiston – maftunkor diyor!

Hamjihatlikda hikmat ko‘p

Hunarmandlar oilasi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари