Sudlar mustaqilligini yanada mustahkamlash yo‘lida

Sudlar mustaqilligini yanada mustahkamlash yo‘lida

O‘zA, Sardor Tojiyev, 13.04.2012 19:06

Poytaxtimizda sudlar mustaqilligini ta’minlash va O‘zbekistonda sud korpusini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Toshkent davlat yuridik instituti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda olimlar, ekspertlar, sud va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida qonun ustuvorligini ta’minlash tamoyili, jumladan, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar asosiga aylandi. Shu maqsadda sud hokimiyatini mustahkamlash, sudlar mustaqilligini ta’minlash, ularni inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiluvchi mustaqil davlat institutiga aylantirishga doir zarur tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rildi. Shu bilan birga, islohot jarayonlarini chuqurlashtirish sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va liberallashtirish borasida yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

Toshkent davlat yuridik instituti rektori M.Rustamboyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Tadqiqot markazi direktori J.Haydarov va boshqalar shular haqida gapirdi. Mamlakatimizda sud hokimiyatini mustahkamlash, sudlarning haqiqiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari qayd etganidek, sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud korpusini shakllantirish bo‘yicha xalqaro huquqning asosiy prinsiplari hamda normalari milliy qonunchiligimizga islohotlarni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish orqali implementatsiya qilinmoqda.

– Sudlar qonun ustuvorligini amalda isbotlamoqda va jamiyatimizda adolat tamoyiliga rioya qilinishini ta’minlamoqda, – deydi Toshkent davlat yuridik instituti “Sud va huquqni muhofaza qilish organlari” kafedrasining katta o‘qituvchisi D.Abdurahmonxo‘jayev. – Sud-huquq tizimini isloh qilish, xususan, jinoyat-protsessual qonunchilikni yanada takomillashtirish demokratik rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridandir. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida bu vazifalar ustuvor masalalar sifatida belgilab berildi.

Tadbirda sudlar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha xalqaro tajriba va milliy amaliyot masalalari ham muhokama etildi.

So‘nggi yangiliklar:

Oilani mustahkamlash va farzandlar kamoli

Qulay va tejamkor gaz hisoblagichlar

“Angren” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida

Ishonchli hamkorlik omili

Sudlar mustaqilligini yanada mustahkamlash yo‘lida

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари