Ahil oilalar – yoshlarga ibrat

Ahil oilalar – yoshlarga ibrat

O‘zA, A.Sattorov, 20.04.2012 17:59

Namangan shahridagi 1-fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limining “Baxt uyi”da “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi doirasida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda uzoq vaqt baxtli hayot kechirgan ibratli oilalarning “oltin” va “kumush” hamda yoshlarning nikoh to‘ylari tantanali ravishda nishonlandi.

Namangan viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamoat fondining viloyat bo‘limi xodimlari, shahar va tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlari mudirlari, mahalla fuqarolar yig‘inlarining maslahatchilari, Namangan yuridik kollejining o‘quvchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan oila institutini mustahkamlash, uning huquqiy va iqtisodiy asoslarini takomillashtirish, jamiyatdagi mavqeini oshirish, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.

– Oila farovonligi uchun moddiy, madaniy va maishiy sharoitlar yaratish, oilalarni ijtimoiy muhofaza qilish masalalari davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda, – deydi Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Xayrullo Sobirov. – Mazkur muhtasham “Baxt uyi” ham Prezidentimizning 2009-yil 6-avgustda qabul qilingan Namangan shahrini 2009-2012-yillarda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida bunyod etildi.

“Baxt uyi” zamonaviy mebel jihozlari va texnik uskunalar bilan to‘la ta’minlangan. Endilikda bu muassasada nikoh va boshqa fuqarolik holatlarini qayd etish bilan birgalikda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, erta turmush qurish va yaqin qarindoshlarning o‘zaro nikohi tufayli kelib chiqadigan salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar, shuningdek, turli tantanali marosimlarni o‘tkazish uchun keng imkoniyat yaratildi. Bu oilalar mustahkamligini ta’minlash, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, ularni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan Uychi tumanidan besh farzand va yigirma nafardan ziyod nabirani tarbiyalab voyaga yetkazayotgan o‘qituvchilar oilasi – Muhammad va Ra’noxon Mirzayevlarning “oltin to‘yi”, yangiqo‘rg‘onlik Husniddin Abdullayev va Zulfizar Umrzoqovalarning “kumush to‘yi”, katta hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan Mingbuloq tumanidan Tohirjon Qoraboyev va Mukarramxon Toshmatovalarning nikoh to‘yi ko‘pchilikning yodida qoladigan unutilmas voqea bo‘ldi.

– Ushbu marosimni keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazishdan maqsad yangi oila qurayotgan yoshlarning oila haqidagi tushunchalarini boyitish, ularni “oltin” va “kumush” to‘ylarini nishonlayotgan ibratli oilalarning hayotiy tajribalari bilan tanishtirish, farzandlarimizni milliy an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, to‘ylarni ixchamlashtirish, dabdababozliklarning oldini olishdan iboratdir, – deydi viloyat adliya boshqarmasi huquqiy targ‘ibot bo‘limining mas’ul xodimi Donoxon Rahimboyeva. – Zero, 50-60-yillar davomida ahil va mazmunli umr kechirgan oilalar hayoti yoshlar uchun ibrat maktabidir.

So‘nggi yangiliklar:

«Tasviriy san’at+5» haftaligi chorlaydi

Sport inshootlari ko‘paymoqda

Xorijdan xabarlar

Hunarmandlar oilasi

Nasldor mollar ko‘paymoqda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари