Bitiruvchilar institut shuhratini yoymoqda

Bitiruvchilar institut shuhratini yoymoqda

O‘zA, M. Mametova, Muhammad Amin (surat), 16.12.2011 20:59


Suratda: Institut “Lokomotiv” kafedrasi dotsenti Baxtiyor Fayziyev mashg‘ulot paytida.

“Barcha ishlar yo‘ldan boshlanadi…” Bu ibora mamlakatimiz temir yo‘lchilari va transport quruvchilari uchun shunchaki kunda ishlatiladigan gap emas, hayotiy shiorga aylangan. Chunki ular bu iboraning haqiqiy ma’nosini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi. Temir yo‘lchilar istiqlolimizning dastlabki yillaridan bu yo‘llar porloq kelajak sari yo‘nalganini teran his etdilar. Biroq, bu ulug‘vor maqsad ularning oldiga qulay va shinam yo‘lovchi va yuk tashuvchi vagonlarni tayyorlash, zamonaviy lokomotivlarni rekonstruksiya qilish, yangi yo‘llar yotqizish hamda innovatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi ko‘plab vazifalarni qo‘ydi.

Mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘ini isloh etish jarayoni yuqori malakali zamonaviy kadrlar tayyorlashni talab qilmoqda. Bu vazifa “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti zimmasiga yuklatilgan.

Mazkur institut bitiruvchilari uning nomi va shuhratini tobora keng yoymoqda. Mustaqillik yillarida bu yerda sakkiz ming nafardan ortiq bakalavr va qariyb ming nafar magistr tayyorlandi. Oliy o‘quv yurti olimlari va bitiruvchilari yangi temir yo‘llar va elektr stansiyalarni loyihalashtirish hamda qurishga rahbarlik qildi, vagonlar, signalizatsiya qurilmalari va aloqa vositalarini yaratdi.

Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shular haqida so‘z yuritildi. Unda ko‘plab davlat va jamoat tuzilmalari vakillari, xorijlik olim va mutaxassislar, o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti rektori F.Karimova va boshqalar mamlakatimiz istiqlolga erishgach, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan yangi, demokratik davlat barpo etishdek ulug‘ maqsad jamiyatimiz oldiga hayotimizning barcha jabhalarida islohotlarni amalga oshirish uchun hal etilishi shart bo‘lgan murakkab vazifalarni qo‘yganini ta’kidladi. Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va hayotga izchil tatbiq etilayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa davlat dasturlari aynan shu maqsadlarga qaratilgandir. Ushbu hujjatlarda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalariga mos ravishda ta’lim tizimini eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida tubdan isloh qilish ko‘zda tutilgan.

Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti bu borada belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirmoqda. Bugungi kunda ushbu yirik ta’lim dargohi va ilmiy markazda mamlakatimiz oliy maktabining eng yaxshi an’analari ilg‘or xalqaro tajriba bilan uyg‘un holda boyitilmoqda. Institutda “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi buyurtmalari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalashtirishga asoslangan mutaxassislarni tayyorlashning innovatsiya uslubiga alohida e’tibor berilmoqda.

Mustaqillik yillarida ushbu oliy o‘quv yurtida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘quv korpusi, yotoqxonalar, o‘quv laboratoriyalari va ustaxonalar rekonstruksiya qilindi, zamonaviy temir yo‘l texnikasi hamda infratuzilmasining namunalari va maketlari bilan jihozlangan o‘quv poligoni tashkil etildi.

O‘quv jarayonini yanada takomillashtirish maqsadida 40ta kompyuter sinfi, ma’ruzalar o‘qiladigan 25 multimedia auditoriyasi jihozlandi. Bugungi kunda ulardan samarali foydalanilmoqda. Zamonaviy axborot-resurs markaziga aylantirilgan institut kutubxonasida elektron bazadan tashqari ko‘plab ilmiy-texnik adabiyotlar ham bor.

Zamonaviy talablarga mos va xalqaro musobaqalar o‘tkazish imkonini beradigan sport kompleksi barpo etildi. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda talabalarning bilim olishi va yashashi uchun barcha ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratilgan.

Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda xorij oliy o‘quv yurtlari bilan faol hamkorlik qilayotir.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining raisi A.Ramatovning aytishicha, oliy o‘quv yurti jamoasining ilmiy va amaliy yordami tufayli tarmoqni rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Institut olimlari tomonidan harakatlanuvchi tarkibni ta’mirlash bo‘yicha yangi texnologik jarayonlar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi, lokomotivlar hamda vagonlarni modernizatsiya qilish, ularning xizmat qilish muddatini uzaytirish uslubi yaratildi, Andijon mexanika zavodida tayyorlanayotgan vagon-sisternalarni sinab ko‘rish bo‘yicha ishlab chiqilgan uslub amalda qo‘llanmoqda. Bu yiliga qariyb 100 million so‘mni tejash imkonini beradi.

Institut olimlarining ishlanmalari harakatlanuvchi tarkibni loyihalashtirish, ulardan foydalanish va ta’mirlashda, shakllantirilayotgan transafg‘on temir yo‘l koridorining dastlabki uchastkasi bo‘lmish Hayraton-Mazori sharif temir yo‘lini loyihalashtirish va qurishda, Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasini barpo etishda, Toshkent-Angren uchastkasini elektrlashtirish, shuningdek, Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yishda ham muvaffaqiyatli qo‘llanildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Aripov so‘zga chiqdi.

So‘nggi yangiliklar:

O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi tajribasi

Bitiruvchilar institut shuhratini yoymoqda

Maqsad – terma jamoa tarkibini boyitish

Pochta aloqasida axborot tizimlari

Fotogalereya: Vatan himoyasi – muqaddas burch

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари