Hovli to‘ylari yangi yil bayramiga ulanmoqda

Hovli to‘ylari yangi yil bayramiga ulanmoqda

O‘zA, M.Sulaymonov, 30.12.2011 12:02

Yurtimizda Yangi yil bayrami shukuhi kezayotgan shu kunlarda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanining “Axshak” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida namunaviy loyihalar asosida qurilgan 33 uy-joy o‘z egalariga topshirildi.

Yangi bunyod etilgan mahallaga “Yangi avlod” nomi berildi. Qishloq ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan yangi uy-joylarni ko‘rgan odam “Yangi avlod”da hayot haqiqatan ham yangicha ekaniga, yurtdoshlarimiz ilgarigidek guvala yoki paxsa devor emas, pishiq g‘ishtdan qurilgan zamonaviy uy-joylarda yashash baxtiga muyassar bo‘layotganiga yana bir bor guvoh bo‘ladi.

– Yangi yilni shunday ko‘rkam va zamonaviy uylarda kutib olayotganimizdan quvonchimiz cheksiz, – deydi yangi uy sohibalaridan Mamlakat Imomaliyeva. – Ayni paytda hududimizda minimarket, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va bolalar maydonchasini qurish ishlari yakunlanmoqda. Biz bunday shart-sharoitlar yaratilayotganidan xursandmiz.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2011 yilda Farg‘ona viloyatida 675 zamonaviy uy-joy qurib bitkazildi.

– Qishloq joylarida barpo etilayotgan uylarga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda, – deydi “Qishloq qurilish invest” ixtisoslashtirilgan sho‘ba injiniring kompaniyasining Farg‘ona viloyati filiali direktori Musajon Rahmatov. – Bu, yangi uylarning davlatimiz rahbari tavsiyasi bilan takomillashtirilgan loyihasi yurtdoshlarimizga har jihatdan ma’qul kelayotganidan dalolatdir.

Viloyatda yangi turarjoy hududlari infratuzilmasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yakunlanayotgan 2011 yilda mazkur massivlarda 30,5 kilometr tabiiy gaz va 56,11 kilometr ichimlik suvi quvurlari, 16 kilometr elektr tarmoqlari tortilib, 25,12 kilometr ichki yo‘llar qurildi. Bugungi kunda ko‘plab maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mahalla guzarlari, minimarket va avtobus bekatlari qurish ishlari nihoyasiga yetkazilayotir.

Yangi 2012 yil – Mustahkam oila yilida viloyatning 33 massivida namunaviy loyihalar asosida 750 yangi uy-joy qurilishi belgilangan bo‘lib, bu boradagi ishlar boshlab yuborildi.

So‘nggi yangiliklar:

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston – sehrli diyor

Bolalarga atalgan sovg‘alar

Ezgu orzular ro‘yobga chiqmoqda

Hovli to‘ylari yangi yil bayramiga ulanmoqda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари