Ijtimoiy loyihalar samarasi

Ijtimoiy loyihalar samarasi

O‘zA, T.Beknazarov, 30.12.2011 11:21

Yangi yil bayrami arafasida Jizzax tumanining “Olmachi” mahallasida Ayollar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi ish boshladi.

Jizzax viloyatidagi “Istiqbolli avlod” yoshlar axborot-ma’rifat markazi loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur jamoat birlashmasi qishloqdagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar vakillarini biznes va tadbirkorlik sohasiga jalb etish borasida faoliyat olib boradi.

“Istiqbolli avlod” yoshlar axborot-ma’rifat markazi Jizzax viloyati mahalliy hokimliklar idoralari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur nodavlat notijorat tashkiloti mahalliy hokimliklar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati hamda “Mahalla” jamg‘armasi bilan hamkorlikda aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj toifalari – nogiron ayollarni, nogiron farzandlari bo‘lgan onalarni, qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb etish, aholining huquqiy bilimlarini oshirish, odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘ndan ziyod loyihani amalga oshirdi.

Markaz tomonidan amalga oshirilgan “Odam savdosining oldini olish va undan jabrlanganlarga ko‘mak berish”, “Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hujjatlarni targ‘ib qilish va yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish”, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi qonunlar va muxojirlarning huquqlarini targ‘ib qilishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik” kabi loyihalari noqonuniy mehnat migratsiyasi va odam savdosi tufayli jabrlangan ikki mingdan ziyod kishiga yordam ko‘rsatish imkonini berdi.

Axborot-ma’rifat markazining xalqaro tashkilotlar grant mablag‘lari hisobiga amalga oshirgan loyihalari doirasida Jizzax shahridagi “Lochin” xususiy firmasida non tayyorlash, G‘allaorol tumanidagi “Marjon tog‘” mas’uliyati cheklangan jamiyatida sutni qayta ishlash sexlari qurilib, bu korxonalarda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi.

Markazning axborot, huquqiy, ijtimoiy yo‘nalishlardagi loyihalari qishloq xotin-qizlari va yoshlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim amaliy ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlash kerak. Masalan, markaz fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etgan “Yosh liderlar” maktabi samarali faoliyat olib bormoqda. Ayni kunda bu maktab “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, mahallalar, o‘quv dargohlari bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida ma’naviy targ‘ibot ishlarini yaxshilash, giyohvandlikka qarshi kurashish, odam savdosining oldini olish, yoshlarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni biznes va tadbirkorlik sohasiga jalb etish borasida faol ish olib borayotir.

“Olmachi” mahallasida tashkil etilgan Ayollar va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi ham “Istiqbolli avlod”ning navbatdagi samarali loyihalaridan biri bo‘ldi. Ushbu loyihani amalga oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham qishloq ayollari va yoshlarini kasbga o‘rgatish, ularga oilaviy, xususiy tadbirkorlikni boshlashda ko‘maklashishdan iborat. Loyiha doirasida qishloq ayollaridan 22 nafari tikuvchilik sexiga, 12 nafari issiqxonaga, 5 nafar yigit esa mebelsozlik ustaxonasiga ishga joylashtiriladi.

– Mazkur loyihada belgilangan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar izchil olib borilmoqda, – deydi Jizzax viloyati “Istiqbolli avlod” yoshlar axborot-ma’rifat markazi rahbari N.Kamolova. – Jumladan, tikuvchilik bo‘yicha ishlash istagida bo‘lgan ayollarga tikuv mashinalari olib berilayotir. “To‘rayev Ziyoqul” xususiy firmasining ustaxonasida yigitlarga mebelsozlik o‘rgatilmoqda. Issiqxona tashkil etishda oilalarning tomorqasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanilmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston – sehrli diyor

Bolalarga atalgan sovg‘alar

Ezgu orzular ro‘yobga chiqmoqda

Hovli to‘ylari yangi yil bayramiga ulanmoqda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари