Milliy armiyamizning tayanchi va suyanchi

Milliy armiyamizning tayanchi va suyanchi

O‘zA, G‘. Hasanov, 30.12.2011 11:20

Markaziy harbiy okrug serjantlar tayyorlash maktabida milliy armiyamiz uchun har jihatdan yetuk kadrlar tayyorlanmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini isloh etish, ixcham va tez harakatlanuvchi, zamonaviy qurol-aslaha va texnikaga ega bo‘lgan professional armiyani shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda soha uchun yuksak intellektual salohiyatli, jismonan baquvvat va zarur bilimlarni puxta egallagan kadrlar tayyorlash masalasi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Shu maqsadda yurtimizdagi oliy harbiy bilim yurtlari, harbiy yo‘nalishdagi akademik litseylar faoliyati takomillashtirilib, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Milliy armiyamiz uchun jismoniy va ma’naviy yetuk kichik komandirlar tayyorlashga ixtisoslashgan serjantlar maktablari tashkil etildi.

Markaziy harbiy okrugning 2001 yilda tashkil etilgan serjantlar maktabida ham ayni paytda bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

– Bugun Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan serjantlarga davlatimiz rahbari tomonidan yuksak ishonch bildirilib, ular zimmasiga armiyamizning chinakam tayanchi va suyanchi bo‘lishdek ulkan mas’uliyat yuklangan, – deydi Serjantlar tayyorlash maktabi boshlig‘ining o‘rinbosari, ofitser Baxtiyor Valiyev. – Bu maqsadga erishishda serjantlar tayyorlash maktablari muhim o‘rin tutadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda mazkur muassasalarga eng munosib nomzodlarni tanlab olish va ularni zamon talablari darajasida, maxsus o‘quv dasturlari asosida o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bizning maktabimizda ham tinglovchilarning jismoniy va intellektual salohiyatini oshirish, ularda zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini hosil qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Mashg‘ulotlar bugungi kun talablaridan kelib chiqib, ko‘rgazmali vositalardan foydalangan holda olib boriladi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni samarali o‘tkazish uchun barcha zarur o‘quv vositalari mavjud. Kompyuter va boshqa zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Bir necha sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mashg‘ulotlardan keyin kursantlarning madaniy hordiq chiqarishlari uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.

Dam olish va bayram kunlarida shahardagi tarixiy obidalar, muzeylarga sayohatlar uyushtiriladi. Guruhlar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. Taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar bilan ijodiy kechalar tashkil etiladi. Bunday tadbirlar bo‘lajak kichik komandirlarning ma’naviyatini yuksaltirish, yurtimiz tarixi va madaniyati haqidagi bilimlarini boyitishga xizmat qiladi. Zero, ular ertaga Qurolli Kuchlarimiz safida ofitserlarning eng yaqin ko‘makchisi bo‘ladi, ayni vaqtda askarlarning ustozi sifatida faoliyat olib boradi.

– Yoshligimdan harbiy bo‘lishni orzu qilar edim, – deydi kursant Otabek Mahmudov. – Bu niyatim Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish jarayonida yanada qat’iylashdi. Shu bois muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, shartnoma asosida xizmatni davom ettirish uchun qoldim. Sohaga oid bilimlarimni oshirish, ma’lum bir mutaxassislikni egallash maqsadida serjantlar tayyorlash maktabida o‘qish uchun hujjat topshirdim. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, maktab tinglovchisi bo‘lganimdan baxtiyorman. Bu yerda kichik komandirlar uchun zarur bo‘ladigan ko‘p ma’lumotlarni olyapmiz, bilimlarimizni chuqurlashtirib, zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqdamiz. Maktabda olgan saboqlarimizni kelgusida askarlarga o‘rgatib, milliy armiyamiz kuch-qudratini oshirishga hissa qo‘shamiz.

So‘nggi yangiliklar:

Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar

O‘zbekiston – sehrli diyor

Bolalarga atalgan sovg‘alar

Ezgu orzular ro‘yobga chiqmoqda

Hovli to‘ylari yangi yil bayramiga ulanmoqda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари