Milliy matbuotimiz rivojiga g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasi

Milliy matbuotimiz rivojiga g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasi

O‘zA, 31.12.2011 16:03

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida milliy jurnalistikamiz taraqqiyotiga, axborot erkinligini ta’minlashga, ommaviy axborot vositalarini odamlar o‘z fikr va g‘oyalarini, sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabatini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mustaqilligimizning ilk kunlaridan milliy g‘oyani shakllantirish, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot qurishdek buyuk maqsadimizni har bir yurtdoshimizning ongida, ma’naviy olamida chuqur qaror toptirishda milliy matbuotimiz ham salmoqli vazifalarni bajarib kelmoqda. Odamlarimizning, ayniqsa, yoshlarimizning dunyoqarashi tobora o‘zgarib, ularning ongu tafakkuri yuksalib, siyosiy va fuqarolik faolligi, daxldorlik tuyg‘usi oshib borayotganida ommaviy axborot vositalarining ham o‘z o‘rni va ta’siri bor.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, o‘nga yaqin qonun hujjatlari fuqarolarning so‘z erkinligiga doir huquqlarini ro‘yobga chiqarish, axborotning muhofaza qilinishi, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlashda muhim kafolat bo‘lib xizmat qilmoqda. Qonun hujjatlarining davr ruhiga hamohang tarzda takomillashib borayotgani ommaviy axborot vositalarini yanada liberallashtirish, sohadagi demokratik islohotlarni tobora chuqurlashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan parlament palatalarining 2010 yil 12 noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash borasida ham muhim vazifalar belgilab berilgan. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar fuqarolarning axborot sohasidagi huquqini yanada kengroq ro‘yobga chiqarish uchun imkon yaratish, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini ta’minlash, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish borasidagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yil 30 dekabrda imzolangan “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori milliy matbuotimiz rivojiga bo‘lgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasi bo‘ldi.

Ushbu qarorga muvofiq, 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va nashriyotlar ijtimoiy-siyosiy hamda bolalar adabiyotini, imkoniyatlari cheklangan shaxslar (ko‘zi ojizlar, kar-soqovlar va boshqalar) uchun adabiyotlarni sotishdan olingan foydadan foyda solig‘ini hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan besh yil muddatga ozod etildi.

Tahririyatlar, nashriyot va bosmaxonalar ommaviy axborot vositalarining mahsulotlari, kitob mahsulotlarini sotishdan va ularning nusxalarini ko‘paytirish bo‘yicha xizmatlardan olinadigan daromadlar qismida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga hamda Ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg‘armasiga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod qilingani ularning ixtiyorida ko‘plab qo‘shimcha mablag‘lar qolishiga xizmat qiladi.

Ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, teleradioeshittirish kompaniyalari va poligrafiya tashkilotlar ommaviy axborot vositalari va kitob mahsulotlari ishlab chiqarish uchun olib kelinadigan qog‘oz, poligrafiya materiallari va axborot saqlash moslamalari, uskunalar bo‘yicha bojxona to‘lovlaridan besh yil muddatga ozod etilgani, ommaviy axborot vositalari va kitob mahsulotlarini yetkazib berish xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortilmasligi ham ularga katta moliyaviy yordam bo‘lishi shubhasiz.

Bunday imtiyozlar albatta ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini ta’minlash uchun moliyaviy sharoit yaratishi, soha xodimlarining daromadini, moddiy farovonligini oshirish bilan birga, boshqa bir qator soha va tarmoqlar rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.

Bu kabi g‘amxo‘rlik biz, soha xodimlaridan yuksak mas’uliyatni, ijtimoiy-ma’naviy burchni astoydil his etishni, Vatanimiz, xalqimiz manfaatlarining tom ma’nodagi himoyachilari bo‘lishni, yangilanish jarayonlarining mazmun-mohiyatini xalqimiz, keng jamoatchilikka xolisona, tezkor va ishonchli tarzda yetkazishni talab etadi.

Sherzod G‘ulomov,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi

So‘nggi yangiliklar:

Yangi yil tabriklari

Fotogalereya: Vatan himoyasi – muqaddas burch

Milliy matbuotimiz rivojiga g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasi

“Prezident archasi” – bolalar quvonchi

Bolajonlar quvonchi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари