Bokschilarimizning yangi yil sovg‘asi

Bokschilarimizning yangi yil sovg‘asi

O‘zA, Zohir Toshxo‘jayev, 31.12.2011 15:23

Pokistonning Islomobod shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan nufuzli xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari olti oltin, uch kumush, ikki bronza, jami o‘n bir medal jamg‘arib, sport muxlislari uchun Yangi yilga munosib sovg‘a tayyorladi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida sport rivojiga qaratilayotgan doimiy e’tibor samarasida o‘zbek boks maktabi salohiyatini dunyo tan oldi, mamlakatimiz charm qo‘lqop ustalari xalqaro musobaqalarda g‘oliblikka asosiy da’vogarlar qatorida qayd etiladigan bo‘ldi, ularning xalqaro yutuqlari soni va salmog‘i tobora ortib borayotir.

Pokistondagi xalqaro turnirda dunyoning yigirmaga yaqin mamlakatidan 130 nafardan ziyod eng mohir charm qo‘lqop ustalari o‘n vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi. O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Sharof Xudoyberdiyev London Olimpiadasida qatnashadigan Elshod Rasulov, Orzubek Shoimov, Fazliddin G‘oibnazarov, Jasurbek Latipov va kelasi mavsumda olimpiya yo‘llanmasi uchun o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan tajribali bokschilar bilan birga, iqtidorli yosh sportchilar mahorati va imkoniyatlarini ham sinovdan o‘tkazdi.

Jahon chempionati bronza medal sovrindori Elshod Rasulov suriyalik Manaf Asaadni 20:10, AIBA prezidenti kubogi sohibi Orzubek Shoimov ham suriyalik Vessam Salamani 19:15 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Ikki karra O‘zbekiston chempioni Fazliddin G‘oibnazarovning raqibi – Ayrin Ismetov final bahsida ishtirok etish uchun ringga chiqmagani tufayli oltin medal hamyurtimizga topshirildi.

Final bahslaridagi eng yirik hisob o‘zbekistonlik Osiyo chempioni Sanjar Rahmonov va kamerunlik Serje Ambomo o‘rtasidagi jangda qayd etildi. Bahsda raqibini 38:25 hisobida mag‘lub etgan Sanjar o‘z vazn toifasida xalqaro turnir g‘olibi bo‘ldi.

Ikki vazn toifasidagi finalda o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari o‘zaro kuch sinashdi. Ikki karra jahon chempioni Abbos Atoyev bu yilgi Osiyo chempionati g‘olibi Shuhrat Abdullayevni 18:10 hisobida yenggan bo‘lsa, Xurshid Normatov o‘smirlar Olimpiadasi va jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgan Ahmadjon Mamajonovdan 18:11 hisobida ustun keldi. Finalda ringga chiqqan yana bir iqtidorli yosh bokschimiz Rustam To‘laganov ham kumush medal bilan taqdirlandi.

Terma jamoamizning yana ikki vakili – Jasurbek Latipov va Izzatulla Ergashev xalqaro turnirning bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Eng ko‘p medal jamg‘argan O‘zbekiston terma jamoasi umumhisobda birinchi o‘rinni egalladi.

So‘nggi yangiliklar:

Yangi yil tabriklari

Fotogalereya: Vatan himoyasi – muqaddas burch

Milliy matbuotimiz rivojiga g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir ifodasi

“Prezident archasi” – bolalar quvonchi

Bolajonlar quvonchi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари