O‘zbek futbolchilari – kuchlilar safida

O‘zbek futbolchilari – kuchlilar safida

O‘zA, Zohir Toshxo‘jayev, Muhammad Amin (surat), 03.01.2012 14:50


Server Jeparov.

O‘zbekistonlik charm to‘p ustalari – Server Jeparov va Odil Ahmedov futbol haqidagi Goal.com sayti tomonidan 2011 yilgi mavsum yakunlari bo‘yicha Osiyo qit’asining eng kuchli futbolchilari qatoriga kiritildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda navqiron avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda sportning barcha turlari qatori milliy futbolimizni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, mahoratli charm to‘p ustalarini tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining futbolni rivojlantirishga oid qarorlari bunda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Bu boradagi ishlarning yuksak samaralari bugun xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.

Futbol olamida katta nufuzga ega Goal.com sayti mutaxassislari tomonidan 2011 yilgi futbol mavsumi yakunlari bo‘yicha Osiyo qit’asining ramziy terma jamoalari tuzildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasining bir yo‘la ikki a’zosi – Server Jeparov va Odil Ahmedov osiyolik eng kuchli futbolchilar safidan o‘rin oldi.

Server Jeparov milliy terma jamoamizning 2011 yil yanvar oyida Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogida kuchli to‘rtlikdan joy olishiga, 2014 yili Braziliyada bo‘ladigan jahon chempionatining saralash musobaqasida o‘z guruhida peshqadamlik qilishiga munosib hissa qo‘shdi. U jamoa sardori sifatida futbolchilarimizni yagona maqsad sari birlashtirib, eng muhim o‘yinlarda hal qiluvchi gollarga mualliflik qildi.

Yaqinda mohir futbolchimiz Osiyo futbol konfederatsiyasi vakillari tomonidan ikkinchi marta Osiyoning eng kuchli futbolchisi deb tan olindi. Bu osiyolik futbolchilar uchun qit’a miqyosidagi eng yuksak e’tirofdir.

Iste’dodli yarim himoyachi Odil Ahmedov esa 23 yoshgacha bo‘lgan eng kuchli futbolchilardan tarkib topgan ramziy terma jamoaga kiritildi. Odil “Osiyo kubogi – 2011” musobaqasining birinchi va eng chiroyli golini urib, muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan edi. Ayni paytda u jahon chempionati saralash musobaqasidagi ishonchli o‘yinlari bilan terma jamoamiz muvaffaqiyatiga ham munosib hissa qo‘shdi.


Odil Ahmedov.

Odil Ahmedov O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan 2011 yilning eng yaxshi futbolchisi va murabbiyini aniqlash maqsadida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda ham g‘olib chiqdi. Jami 257 ochko jamg‘arib, Osiyoning eng yaxshi futbolchisi Server Jeparovni ham ortda qoldirdi.

Shuningdek, Odil Ahmedov Rossiya chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan “Anji” futbol klubining mavsumdagi eng kuchli futbolchisi, deb topildi. Uch bosqichdan iborat tanlov yakuniga ko‘ra, o‘zbek futbolchisi o‘z jamoadoshlari – rossiyalik Yuriy Jirkov, niderlandiyalik Muborak Busuffa, kamerunlik Samuel Eto‘O kabi mashhur futbolchilarni ortda qoldirdi.

So‘nggi yangiliklar:

Imtiyozlar Vatanimiz va xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi

Sport xabarlari

Farg‘onada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda

Bolalar ma’naviyati uchun barchamiz mas’ulmiz

O‘zbek futbolchilari – kuchlilar safida

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари