Maqsadim – milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish

Maqsadim – milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish

O‘zA, R.Bondarchuk, 27.01.2012 20:32

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Milliy armiyamiz takomillashmoqda, harbiy xizmatchilarning professionallik, jangovarlik va intellektual darajasi yuksalmoqda. Ayni paytda yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatning nufuzi tobora oshib borayotir.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini isloh qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni o‘tash muddati o‘n ikki oyni tashkil etadi. Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida olish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Bu Qurolli Kuchlar saflarini harbiy xizmatga har tomonlama munosib yoshlar bilan to‘ldirish imkonini bermoqda.

Chaqiruv komissiyalari faoliyati ustidan jamoat nazoratining oshkoraligi va samaradorligini ta’minlash maqsadida ular tarkibiga joylardagi davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamg‘armalari vakillari kiritildi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiylar uchun joriy etilgan qator imtiyozlar tizimi yaxshi samara berayotir. Armiya maktabini o‘tagan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda a’lo natijalarga erishgan, qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan sobiq askarlar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilinmoqda.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining joylardagi mudofaa ishlari bo‘limlari va boshqarmalari ham salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Hozirgi kunda Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 12 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yoshlarni muddatli harbiy xizmatga tanlab olish ishlari izchil davom etmoqda.

– O‘zbekiston Respublika fuqarolarini Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatga chaqirish yilda bir marta – fevral-mart oylarida amalga oshirilmoqda, – deydi Toshkent shahar Mirobod tumani mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i polkovnik Xusan Zufarov. – Bu chaqiriluvchilarni sifatli tanlab olish imkonini beradi.

Avgust oyidan boshlab chaqiriluvchilarning shaxsiy hujjatlari bilan tanishmoqdamiz, mahalla qo‘mitalari yordamida har bir chaqiriluvchining oilaviy sharoitini o‘rganyapmiz. Bu jarayonda kim armiyaga chaqirilishi kerak, kim bunga layoqatsiz, kimni chaqirishni muayyan vaqtga kechiktirish lozim – mana shu jihatlarni aniqlayapmiz. Hozirgi kunda chaqiriluvchilar tibbiy komissiyadan o‘tmoqda. Tuman tibbiy komissiyalari har tomonlama sog‘lom yigitlar soni ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Bu mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan aniq maqsadli ishlar samarasidir.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan uch yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlov asosida yigitlarni saralab olish va test sinovlarini o‘tkazish tizimiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu tizim quyidagilarni o‘z ichiga oladi – chaqiriluvchilarning bilim darajasini aniqlash, bunda yigitlarning maktab ta’lim dasturining majburiy o‘quv kursiga kiritilgan predmetlarni nechog‘lik o‘zlashtirgani tekshiriladi, ularning intellektual darajasini aniqlash, bunda shaxsning asosiy fazilatlari va salohiyatiga e’tibor beriladi,shuningdek, chaqiriluvchilarning mavjud sharoitga moslashish va berilgan yuklamalarni bajara olish qobiliyatlari sinovdan o‘tkaziladi. Ularning jismoniy tayyorgarligi va chidamlilik darajasi tekshiriladi. Test yakunida to‘plangan barcha ballar umumlashtirilib, shu asosda chaqiriluvchining salohiyati belgilanadi.

– Har bir yigit o‘z Vatanini mardona himoya qilishi kerak, – deydi chaqiriluvchi Sarvar Nurmuhammedov. – Men armiyada xizmat qilish uchun uzoq tayyorgarlik ko‘rdim, sport bilan shug‘ullandim, testlarga tayyorlandim, olti oy Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotida o‘qidim, harbiy xizmat davrida foydalanishim mumkin bo‘lgan radiotelefonistlik bilim va ko‘nikmalarini egalladim. Men hayot maktabi bo‘lgan armiyada xizmat qilmoqchiman, harbiy xizmat har bir yigitga katta tajriba va bilim beradi, o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.

Shunisi quvonarliki, poytaxtimizning mazkur tumanidan armiyaga chaqirilgan yoshlarning ko‘pchiligi jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda namunali natijalarni qo‘lga kiritdi. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun o‘zlari xizmat qilgan harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘ldi. Ular imtiyozli asosda o‘qishga qabul qilinib, hozirgi kunda turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda.

2010 yilda Mirobod tumani mudofaa ishlari bo‘limida keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilib, chaqiruv punkti tubdan rekonstruksiya qilindi. Xodimlarning samarali ishlashi, chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Mazkur bo‘lim ana shunday sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining mudofaa ishlari bo‘limlari o‘rtasida o‘tgan yili birinchi o‘rinni egalladi.

Vatanga bo‘lgan muhabbatni hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydi. Xalqimizning o‘z Vatani tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan asl farzandlari faoliyatida esa bu oliy tuyg‘u hamisha yorqin namoyon bo‘ladi.

So‘nggi yangiliklar:

Vatanimizning qudratli qanotlari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida

Maqsadim – milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish

Hamkorlikda hikmat ko‘p

Modernizatsiya samarasi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари