“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondining ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlashga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga va respublikada sog‘lom avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan vazifalarni hal etishda faol ishtirok etishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek 2014-yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi.
1. Quyidagilar “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondining (keyingi o‘rinlarda Fond deb ataladi) eng muhim vazifalari hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
jamoatchilik va davlat tuzilmalarining jahon tajribasini hisobga olgan holda sog‘lom, barkamol yosh avlodni shakllantirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish;
davlatning ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlashga, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalashda oilaning rolini kuchaytirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturlari maqsadlari va mazmun-mohiyatini aholi orasida keng targ‘ib etishni tashkil qilish;
aholining ehtiyojmand qatlamlariga, eng avvalo, ko‘p bolali oilalar, ayollar, nogironlar, nogiron bolalar va bolalar uylari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida yashovchi shaxslarga muruvvat yordami ko‘rsatish;
perinatal markazlar, skrining-markazlar, reabilitatsiya markazlari, tug‘ruqqa ko‘maklashuvchi, pediatriya davolash-profilaktika muassasalari va boshqa muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga har tomonlama ko‘maklashish;
profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish hamda aholini virusli va yuqumli kasalliklardan himoya qilish ishonchliligini oshirish, nogironlikni reabilitatsiya qilish, oldini olish va ular profilaktikasi ishlari, onkologiya muassasalari, silga qarshi xizmatlar va boshqa xizmatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish, profilaktika ishlarining samarali tizimini shakllantirish, ijtimoiy ahamiyatli kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash;
ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni tayyorlash ishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish;
davlatning ijtimoiy dasturlarini amalga oshirish doirasida yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlarini jalb etish va jamlash bo‘yicha faol ish olib borish.
2. Quyidagilarga:
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondining Vasiylik kengashi tarkibiga 1-ilovaga muvofiq;
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondining tashkiliy tuzilmasiga, “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondining xodimlarining cheklangan soni 21 nafar bo‘lgan Boshqaruvi tuzilmasiga va uning hududiy filiallari tuzilmasiga 2 — 4-ilovalarga muvofiq;
“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi to‘g‘risidagi nizomga 5-ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, Fondning asosiy pul mablag‘lari quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:
yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari;
xorijiy va xalqaro tashkilotlarning, xorijiy davlatlarning grantlari;
Fondning, shuningdek Fond oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal etish maqsadida uning tomonidan ta’sis etilgan tashkilotlarning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlar.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Fond Boshqaruvi apparati va uning hududiy filiallari ta’minoti Fondning o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;
Vazirlar Mahkamasining “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2009-yil 8-apreldagi 102-son qarorining amal qilishi Fondning bepul foydalanish huquqi bilan tasarrufidagi davlat mulkiga tatbiq etilmaydi.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Fondning ustavidagi vazifalarini hal etishda uning hududiy filiallariga doimiy ravishda samarali ko‘maklashsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondiga, Yoshlar ittifoqiga, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasiga, “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot institutiga va boshqa nodavlat, notijorat tashkilotlariga Fondning ustavdagi vazifalari amalga oshirilishini ta’minlashda Fond bilan o‘zaro faol hamkorlik qilish tavsiya etilsin.
(5-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-avgustdagi 438-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son)
6. Fondning va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Moliya vazirligi bilan kelishilgan:
Fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalarining shtatdagi xodimlari sonini sakkiz nafargacha yetkazish to‘g‘risidagi;
ambulatoriya-poliklinika muassasalarining uchastka vrachlari va tibbiy hamshiralari uchun amalda bo‘lgan uzluksiz ish staji muddati uchun ustamalar belgilash tartibi Fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari tibbiyot xodimlariga tatbiq etish to‘g‘risidagi;
Fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalarining qishloq joylarga boradigan xodimlariga xizmat safari xarajatlarini to‘lash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari ta’minotiga qo‘shimcha mablag‘lar ajratsin va sog‘liqni saqlash muassasalari ta’minoti uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida har yili Fondga zarur mablag‘larni nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 6-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 7-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.I. Ikramov va E.I. Basitxanova zimmasiga yuklansin.