“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondining ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlashga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga va respublikada sog‘lom avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan vazifalarni hal etishda faol ishtirok etishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek 2014-yilning “Sog‘lom bola yili” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Quyidagilar “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondining (keyingi o‘rinlarda Fond deb ataladi) eng muhim vazifalari hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
jamoatchilik va davlat tuzilmalarining jahon tajribasini hisobga olgan holda sog‘lom, barkamol yosh avlodni shakllantirishga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish;
davlatning ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlashga, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalashda oilaning rolini kuchaytirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturlari maqsadlari va mazmun-mohiyatini aholi orasida keng targ‘ib etishni tashkil qilish;
aholining ehtiyojmand qatlamlariga, eng avvalo, ko‘p bolali oilalar, ayollar, nogironlar, nogiron bolalar va bolalar uylari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida yashovchi shaxslarga muruvvat yordami ko‘rsatish.