Turkiya davlatining “Xalqaro rivojlanish va hamkorlik agentligi” TIKA tashkiloti bilan hamkorlik xamda Turkiya davlati bilan samarali ishlar

2005-2012 yillar davomida ushbu tashkilotdan nogironlar aravachasi, o‘quv mebellari, ko‘rgazmali qurollar, sport anjomlari, kiyim-kechak shaklida jami 900 ming AQSh dollaridan ortiq gumanitar yordam olindi.
2013 yilda “TIKA” agentligi tomonidan  170 ming AQSh dollariga teng gumanitar yordam ko‘rinishidagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan “Peugeot” rusumli  mobil klinika  avtomobili Samarqand viloyatining ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam guruhi uchun berildi.
2014-2017 yillar davomida “TIKA” agentligi tomonidan Farg‘ona viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bazasida 1756 nafar, Andijon, Namangan, Farg‘ona va boshqa viloyatlardan 493 nafar yuz va oyoq-qo‘llarining tug‘ma va orttirilgan patologiyasi, kuyishdan keyingi kontrakturalari bo‘lgan bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 
2016 yilda “TIKA” agentligi tomonidan 10 mln 80 ming AQSh dollari miqdorida gumanitar yordam sifatida tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan 10 dona “Mercedes-Benz” markali mobil klinika avtomobillari berildi.
2017 yilda Fondning tibbiy-ijtimoiy markazi negizida bolalar va o‘smirlar uchun bolalar mini sport majmuasini qurish loyihasi amalga oshirildi.
Shuningdek, Toshkent viloyati, Sirdaryo, Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida yashovchi imkoniyati cheklangan bolalar va tug‘ish yoshidagi ayollarga  150 dona nogironlar aravachalari topshirildi.

BOLALAR SALOMATLIGINI YaXShILASh VA MUSTAHKAMLASh DASTURLARI
“TIKA” agentligi tomonidan tamirlab berilgan bolalar dam olish markazida Fond tomonidan har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uchun "Soglom avlod" yozgi sog‘lomlashtirish bolalar dam olish markazini ochadi. Ushbu dam olish markazi 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan bulib,  butun faoliyati davomida jami 4000 dan ortiq  bolalar xayriya yo‘li bilan dam olib sog‘lomlashtirilgan.


Hukumat qarorlari va Davlat dasturlari ijrosini taʼminlashda, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasining doimiy hamkorlaridan biri bu – Turkiya davlatining “xalqaro rivojlanish va hamkorlik agentligi”- “TIKA” tashkiloti hisoblanadi.Ushbu xalqaro tashkilot bilan jamg‘arma o‘rtasida hamkorlik aloqalari ko‘p yillardan buyon samarali amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, – 2008-yil davomida Toshkent shahar Hamza tumanidagi Ko‘zi ojiz bolalar maktab-internati tarbiyalanuvchilariga zamonaviy texnika vositalari – maxsus kompyuterlar, printerlar, shaxmat doskalari, ovoz yozish va o‘qish apparatlari, maxsus ekran hamda motorli nogironlar aravachalari va texnika vositalari; 2009-yil davomida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi 68-sonli aqli zaif bolalar yordamchi maktabining 297 nafar tarbiyalanuvchilari uchun duradgorlik va tikuv ustaxonalari, tikuv mashinalari, ish stollari, bichuv stollari, kompyuter zali uchun kompyuterlar to‘plami, lazerli printer kabi jami 18 670,5 ming so‘mlik va Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar 33-sonli yordamchi maktabining 266 nafar tarbiyalanuvchilari uchun duradgorlik va tikuv ustaxonalari, tikuv mashinalari, ish stollari, bichuv stollari, kompyuter zali uchun kompyuter to‘plamlari, lazerli printer kabi jami 13 340,3 ming so‘mlik jihozlar bilan taʼminlandi. 2010-yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 4-sonli zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab internati, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi 17-sonli hamda Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 25-sonli eshitish qobiliyati cheklangan maxsus maktab-internatlariga zamonaviy kompyuter texnikasi, tikuv va mehnat xonalarini jihozlash loyihalari amalga oshirildi va ushbu maqsadlarga “TIKA” xalqaro rivojlanish va hamkorlik agentligi tomonidan jami 29700 AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflandi.

O‘tgan yillir davomida Turkiya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Onalikni muhofaza qilish va oilani rejalashtirish Bosh direksiyasining tashabbusi bilan Anqara shahrida “Aholining reproduktiv salomatligini tiklashda maʼrifatchilikni va ommaviy axborot vositalarining roli” degan mavzuda o‘quv seminari o‘tkazildi. Mazkur seminarga Hamdo‘stlik mamlakatlari ittifoqi (jumladan, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘Zbekiston)dan 11 ta vrach delegat sifatida taklif qilingandi. Turkiya Respublikasining Hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) tomonidan qilingan rasmiy taklifga binoan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining regionlardagi filiallaridan ham vakillar seminarda qatnashishdi.

2015-yil 15-25-oktyabr kunlari Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari (17 nafar professor plastik jarrohlar, anesteziologlar va boshqa mutaxassislar) tomonidan Respublikamiz hududida: (16-23-oktyabr kunlari soat Farg‘ona shahridagi viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiy markazi (Alisher Navoiy ko‘chasi 56-uy) Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan kelgan yuz sohasidagi tug‘ma va kuyishdan keyingi asoratlar, yuqori lab va qattiq tanglayning tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan jami 381 nafar bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishib, og‘ir deb topilgan 109 nafar bemor bolalar jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtiriladi. Turkiya Respublikasidan kelgan ushbu delegatsiya aʼzolari o‘zlari bilan olib kelgan dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalari yordamida qo‘yilgan tashxislar asosida bemorlarni davolaydilar.

2016-yil 7-aprel kuni Tika tomonidan ajratilgan “Mersedes Bens” rusumidagi mobil klinikalarni topshirish marosimi;

Har qanday millatning asosiy boyligi – onalar va bolalar salomatligidar. Shunday ekan, onalik va bolalikni muhofaza qilish millat kelajagini muhofaza qilish bilan barobardir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan har bir yilga alohida nom berilib, o‘tgan har bir yil o‘z mazmun mohiyatiga ega bo‘lib bormoqda. Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jismoniy sog‘lom va maʼnaviy boy, intelektual salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash borasida “Sog‘lom ona va bola yili”da ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mustaqil jamoat tashkiloti bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 1993-yil 23-apreldagi Farmoniga binoan tashkil etilgan. Uning maqsadi va vazifalari jismonan baquvvat, maʼnan yetuk, ruhan tetik farzandlar tarbiyalashni taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, oilalarda sog‘lom avlodning tug‘ilishi va tarbiyalanishiga erishish, aholining sog‘lom turmush tarzini oshirishdan iboratdir.

Sizga maʼlumki, yurtimizda birinchi marotaba O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1996-yil 22-fevraldagi 71-sonli Qarori bilan “Sog‘lom avlod uchun” fondi “Tibbiy-ijtimoiy patronaj” tizimi tashkil etilgan.

“Tibbiy-ijtimoiy patronaj” tizimi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tibbiy diagnostika texnikasi bilan jixozlangan “Avtoambulans”larda shifokorlar brigadalari mahallalarda, chekka qishloq va ovullarda faoliyat olib bormoqdalar.

Ayniqsa, ushbu tizim moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholining kengroq qatlamlarini qamrab olish maqsadida 2010-yilda Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash – Doktor Li Jung Vuk jamg‘armasi tomonidan 215 ming AQSH dollari qiymatidagi “Hyundai – Mobil klinika” sini taqdim etilishi tibbiy ijtimoiy patronaj tizimida zamon talablariga mos samarali xizmat yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizimni yanada mustahkamlash maqsadida, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligi tomonidan 2012-yil va 2014-yillarda “Sog‘lom avlod uchun” fondiga 2 dona “Peugeot” rusumidagi avtoambulanslar tadim etilgan bo‘lsa 2013-yil Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash fondi KOFIH tomonidan Hyunday H1 rusumidagi avtoumbulanslar taqdim etilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 29-avgustdagi 255-sonli “2015 – 2018-yillarda orolbo‘yi mintaqasini tiklash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, orol halokatining oqibatlarini yengillashtirish borasidagi chora-tadbirlar kompleks dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari moddiy – texnika bazalarini mustahkamlash hamda ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni tayyorlash ishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan 10 dona “Mersedes Bens” rusumidagi mobil klinikalar ajratildi.

Mazkur ajratilgan avtoambulanslar Fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlari hududiy filiallari ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalariga 2016-yil 7-aprel kuni soat 16:00da “Sog‘lom avlod uchun” fondi  oldi qismida tantanali ravishda topshirildi.

Sizga maʼlumki, “Sog‘lom avlod uchun” fondi xorijiy hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, Hukumatimiz qarorlari hamda Davlat dasturlari ijrosini taʼminlash uchun bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish yo‘lida qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2016-yil davomida Fond onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining “Save the Children” xalqaro fondi, Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash KOFIH fondi, “Vision Care Servise” va “Siloam Center for the Blind” xayriya tashkilotlari, Ewha Womans University, Severance University, In Xa va Pundan Cha Universitetlari gospitallarida tug‘ma yurak nuqsoni, terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan og‘rigan O‘zbekistonlik bemor bolalarni bepul sog‘lomlashtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 9-fevraldagi PQ-2487-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining 22-bandiga muvofiq, bolalarni respublika klinikalarida va tibbiyot markazlarida hamda chet elda sog‘lomlashtirish, shu jumladan: nogiron bolalarni xorijiy klinikalarida tezkor davolash; kam taʼminlangan oilalardagi yuqori lab va qattiq tanglayning tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan va oyoqlarning tug‘ma nuqsonlari (maymoqlik) va bo‘yin qiyshayishi bilan bog‘liq tug‘ma ortopedik kasalliklarga chalingan bolalarni tezkor davolash, kuyishning asoratlari bo‘lgan bolalarni plastik operatsiyalar qilish borasidagi ishlarda “Sog‘lom avlod uchun” fondining alohida o‘rni bor. Fond onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, kam taʼminlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida muhim ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu maqsadda, Fond tomonidan bemor bolalarni chet el nufuzli klinikalarida davolash uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan.

Bu sohada Fond Turkiya Respublikasi bilan bir qator sog‘lomlashtirish dasturlarini amalga oshirib kelmoqda. Ushbu xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22-sentyabr 2016-yilda tasdiqlangan 10/1-139-sonli tashrif Dasturi asosida 2016-yilning 28-sentyabr 8-oktyabr kunlari Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari (19 nafar professor plastik jarrohlar, anesteziologlar va boshqa mutaxassislar) tomonidan Respublikamiz hududida: (30-sentyabr -6-oktyabr kunlari soat 09:00-18:00 gacha Farg‘ona shahridagi viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiy markazi (Alisher Navoiy ko‘chasi 56-uy) Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan kelgan yuz sohasidagi tug‘ma va kuyishdan keyingi asoratlar, yuqori lab va qattiq tanglayning tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan bolalarni umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishib, og‘ir deb topilgan bemor bolalar jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtiriladi. Turkiya Respublikasidan kelgan ushbu delegatsiya aʼzolari o‘zlari bilan olib kelgan dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalari yordamida qo‘yilgan tashxislar asosida bemorlarni davolaydilar.

Maʼlumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 2015-yilning 15-25-oktyabr kunlari Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari yurtimizga tashrif buyurib, jami 381 nafar yuqorida ko‘rsatilgan tashxisli bemor bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgan. Shulardan og‘ir deb topilgan 109 nafar bemor bolalarni jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirilgan edi.