Vazifalar

“Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

  • “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi (keyingi o‘rinlarda Fond deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 23-apreldagi PQ-596-son qarori bilan tashkil etilgan.
  • Fond jamoat fondi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi. Fond xo‘jalik mustaqilligi asosida ish ko‘radi, o‘z mol-mulkiga, mustaqil balansga, banklarda hisob raqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga ega bo‘ladi. O‘z nomidan mulkiy va mulkiy bo‘lmagan huquqlarni sotib oladi, tegishli majburiyatlarni bajaradi.
  • Fond o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va Fond ustaviga muvofiq amalga oshiradi.
  • Fond yuridik va jismoniy shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari, xalqaro tashkilotlar tomonidan unga istalgan shaklda mablag‘ qo‘shish uchun ochiqdir.

II. Fondning maqsadi, asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari

  • Davlatning ijtimoiy dasturlarini amalga oshirishda faol ishtirok etish, sog‘lom avlodni tarbiyalashga, yuksak umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan hayotiy nuqtayi nazarga ega bo‘lgan maʼnaviy boy, axloqiy yetuk, intellektual rivojlangan, yuqori maʼlumotli, jismoniy sog‘lom, barkamol shaxsni shakllantirish, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish Fond faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
  • Quyidagilar Fondning asosiy vazifalari hisoblanadi:

jamoatchilik va davlat tuzilmalarining jahon tajribasini hisobga olgan holda sog‘lom, barkamol yosh avlodni shakllantirishga yo‘naltirilgan saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish;

davlatning ijtimoiy dasturlarini amalga oshirish doirasida yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlarini jalb etish va jamlash bo‘yicha faol ish olib borish;

davlatning ona va bola sog‘lig‘ini mustahkamlashga, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalashda oilaning rolini kuchaytirishga yo‘naltirilgan ijtimoiy dasturlari maqsadlari va mazmun-mohiyatini aholi orasida keng targ‘ib etishni tashkil qilish;

respublikaning butun hududida bola tug‘ish, ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish masalalari bo‘yicha aholini o‘qitishga yo‘naltirilgan kompleks ijtimoiy va tashviqot-targ‘ibot dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil etish yo‘li bilan jamoatchilik ongida to‘laqonli, barkamol va sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalash uchun yuksak masʼuliyatni shakllantirishga ko‘maklashish;

aholining ehtiyojmand qatlamlariga, eng avvalo, ko‘p bolali oilalar, ayollar, nogironlar, nogiron bolalar va bolalar uylari, “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilariga, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarida, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida yashovchi shaxslarga muruvvat yordami ko‘rsatish;

yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni, shuningdek aholining kam taʼminlangan toifalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ularning moddiy ahvolini yaxshilash;

perinatal markazlar, skrining-markazlar, reabilitatsiya markazlari, tug‘ruqqa ko‘maklashuvchi, pediatriya davolash-profilaktika muassasalari va boshqa muassasalarning moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga har tomonlama ko‘maklashish;

profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish hamda aholini virusli va yuqumli kasalliklardan himoya qilishning ishonchliligini oshirish, nogironlikni reabilitatsiya qilish, oldini olish va uning profilaktikasi ishlari, onkologiya muassasalari, silga qarshi xizmatlar va boshqa xizmatlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish, profilaktika ishlarining samarali tizimini shakllantirish, ijtimoiy ahamiyatli kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolash;

kasalliklar, nogironlik profilaktikasi va fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, shuningdek sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish sohasidagi faoliyatga ko‘maklashish, fuqarolarga maʼnaviy-psixologik yordam ko‘rsatish;

taʼlim, fan, madaniyat, sanʼat, maʼrifat, shuningdek shaxsning maʼnaviy kamol topishi sohasidagi faoliyatga ko‘maklashish;

jismoniy tarbiya va ommaviy sportni ommalashtirish va rivojlantirish sohasidagi faoliyatga ko‘maklashish;

ona va bola sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni tayyorlash ishida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish.

  • Fond o‘ziga yuklangan vazifalardan kelib chiqib, o‘z faoliyatini quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiradi:

tibbiyot, ovqatlanish, ekologiya hamda ona va bolaning hayotiy ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha boshqa yo‘nalishlar sohasida yangi texnologiyalar, texnika va asbob-uskunalarni yaratish va joriy etish;

ona va bola sog‘lig‘i hayot faoliyatining huquqiy, maʼnaviy-odob-axloq, ijtimoiy-psixologik shart-sharoitlarini takomillashtirishga ko‘maklashish.