Maʼlumot o‘rinida aytib o‘tish joizki, 2017-yil 21-29-mart kunlari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari uchun Toshkent – Sariosiyo – Qumqo‘rg‘on – Boysun – Darband – Oqrabod – Dehqonobod – Qarshi – Toshkent yo‘nalishida hamda 19-27-aprel kunlari Navoiy viloyatining chekka hududlariga Toshkent – Tinchlik – Konimex – Qora-qata – Mustaqillik – Adjibugut – Qizilquduq – Buzaubay – Uchquduq II – Toshkent, 2017-yil 16-28-may Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Jasliq – Miskin – To‘rtko‘l –Toshkent yo‘nalishlarida “Salomatlik” poyezdlari tashkil etildi. Ushbu “Salomatlik” poyezdlarining mutaxassislari tomonidan 5 586 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik bilan bir qatorda “Salomatlik” poyezdining faoliyati davomida viloyatdagi 56 ta tibbiy va ijtimoiy muassasalarga shuningdek, 5 970 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat paketlari (1 500 dona) hamda tibbiy ko‘riklardan o‘tgan aholiga alohida kiyim-kechak, dori-darmon, vitamin, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat jami 32 mlrd. 933 mln. so‘mlik insonparvarlik yordami tarqatildi.
Navbatdagi “Salomatlik” poyezdi uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilib, yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida 2018-yil 21-mart kuni soat 18:00 da Toshkent Markaziy vokzalidan yo‘lga chiqdi. Ushbu malakali shifokorlar bilan birga joylarda fondning Navoiy viloyati ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ushbu insonparvarlik yordami umumiy qiymati 500 mln. so‘mga yaqin oziq-ovqat, kiyim-kechak, oyoq kiyimlar hamda dori-darmon, tibbiyot anjomlari, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalari va nogironlik aravachalaridan iborat muruvvat yordamlaridan tashkil topgan.
Mazkur poyezd o‘z rejasi davomida borishi ko‘zda tutilgan Tinchlik, Konimex, Qora-qata, Mustaqillik, Qizilquduq, Buzaubay va Uchquduq II stansiyalarining yaqin hududlaridan tashqari fondning Navoiy viloyati hududiy filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslariga hamda ko‘zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab internatlariga o‘z yordamini ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Tadbirdan ko‘zdangan asosiy maqsad – ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholini ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik eʼtiborini jalb etish.
Tadbir homiylari: GFRning “Friedensdorf International” va “Tovarish-Hilfe fuer kinder” tashkilotlari, AQSHning “Resource and Policy Exchange”, “AmeriCares”, “Toms Shoes” tashkilotlari, “Jahon invest plast” MCHJ, AGRO BIO KIMYO MCHJ,“NAVRO‘Z-PTK” MCHJ va boshqalar.
“Sog‘lom avlod uchun” fondi ushbu xayriya tadbirini amalga oshirishda yaqindan yordam bergan barcha tashkilot va homiylarga hamda ommaviy axborot vositalariga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.