“Salomatlik” poyezdining bir xafta davomidagi faoliyati
Qoraqalpog‘iston Respublikasining uzoq va borish qiyin bo‘lgan hududlarida istiqomat qiluvchi aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish hamda kam taʼminlangan oilalarga insonparvarlik yuklarini yetkazib berish maqsadida, 2013-yilning 19-oktyabridan 27-oktyabrgacha Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Jasliq – Toshkent yo‘nalishida “Salomatlik” poyezdi tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasing eng chekka, Qozog‘iston Respublikasi bilan chegaradosh cho‘l hududida joylashgan (Toshkent shahridan 1700 km uzoqlikda) Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qoraqalpog‘iston” va “Jasliq” qo‘rg‘onlarida istiqomat qiluvchi aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bo‘lgan oilalarga manzilli muruvvat yordami ko‘rsatildi.

Tibbiy ko‘rik “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining “Salomatlik” tibbiy-sanitariya yordam poyezdining malakali shifokorlari, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialining tibbiy ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.

Salomatlik” poyezdi mutaxassislari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 963 nafar aholi (terapevt-673 nafar, pediatr-290 nafar, ginekolog-354 nafar, stomatolog-321 nafar, lor-411 nafar, oftalmolog-556 nafar, xirurg-219 nafar, nevropatolog-334 nafar) chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rik davomida 354 nafar ayollar, ulardan 327 nafari tug‘ish yoshidagi ayollar, 290 nafar bolalar hamda 320 nafar erkaklar, ulardan 55 nafari qariyalar, 17 nafar nogironlar qamrab olindi. Maʼlumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan xududlarda yashovchi aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlarini o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois tibbiy ko‘rik davomida aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashhislar qo‘yildi. Jumladan, 330 nafar aholi EKG tekshiruvi, 466 ta ultratovush tekshiruvi, 575 nafar aholiga flyurografiya va 660 nafar aholiga 1980 ta laborator tekshiruvlari (qon va siydikning umumiy tahlili, surtmalarning tahlili, eritrotsit, leykotsit va SOE tekshiruvlari va qondagi gemoglobin miqdori aniqlandi) o‘tkazildi.

Tibbiyot xodimlari tomonidan “Jasliq” va “Qoraqalpog‘iston” qo‘rg‘onlarida fuqarolar yig‘ini vakillari ishtirokida 100 nafar yosh oilalar va bir yoshgacha farzandi bo‘lgan onalar orasida xayriya tadbiri o‘tkazildi. Shuningdek, xayriya tadbiri davomida aholiga “Shaxsiy gigiyena”, “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh nima uchun xavfli?”, “Skrining tekshiruvini bilasizmi”, “Turmush qurishda qizlar uchun kerakli maslahatlar” mavzularida bukletlar tarqatildi.

“Salomatlik” poyezdi mutaxassislari, jamg‘armaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tibbiy ijtimoiy brigadasi shifokorlari bilan hamkorlikda Qo‘ng‘irot tumanining ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholiga ayniqsa, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab – quvvatlash maqsadida, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan va ijtimoiy muxofazaga muhtoj aholi qatlamlaridan jami 2112 nafar aholiga shundan 500 ta oilaga manzilli tarzda oziq – ovqat mahsulotlari va 1512 ta aholiga dori-darmon, uy-ro‘zg‘or anjomlari va sanitariya – gigiyena vositalari, poyafzal, kiyim-kechak va boshqa turdagi insonparvarlik yordami topshirildi.