Mirzaobodda aholi o‘rtasida sil kasalligini erta aniqlash bo‘yicha tibbiy skrining o‘tkazildi

Mirzaobodda tibbiy skrining tadbiri tashkil etildi

Joriy yilning 12-iyun kuni Mirzaobod tumani Navbahor MFY hududida joylashgan 18-OPda aholi o‘rtasida sil (tuberkulyoz) kasalligini erta aniqlash va uning oldini olishga qaratilgan tibbiy skrining tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi tashabbusi bilan viloyat “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda tuman tibbiyot birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.

Skrining jarayonida jami 170 nafar aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 145 nafari rentgen tekshiruvdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 60 nafar fuqaroga diaskintest sinamasi qo‘yildi.

Tadbir doirasida aholiga zarur dori-darmon vositalari va ko‘zoynaklar tarqatildi. Shuningdek, sil kasalligining oldini olish, uni erta aniqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan targ‘ibot materiallari yetkazildi.

Bunday tadbirlar aholi salomatligini muhofaza qilish, sil kasalligini erta bosqichda aniqlash va uning tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.