Xiva tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi
2026-yil 8–11-iyun kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Xorazm viloyati hududiy bo‘limi Ambulans TIP xodimlari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Xiva tumanidagi Pirnahos va Eski Qiyot oilaviy shifokorlik punktlarida tibbiy ko‘rik tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida Chinobod, Pirnahos, Qushchi Kattabog‘ va G‘ovuk mahallalari aholisi zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari yordamida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Asosiy e’tibor ko‘p bolali ayollar va o‘smir qizlar salomatligini mustahkamlashga qaratildi.
Jami 319 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 113 nafariga ultratovush tekshiruvi (UTT), 34 nafariga esa elektrokardiografiya (EKG) tekshiruvi amalga oshirildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida aholining ehtiyojmand qatlamiga, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda bolalarga muruvvat yordami sifatida dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Shuningdek, xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik – umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati” hamda “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar o‘qilib, davra suhbatlari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.


