Jizzax viloyatida 328 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2026-yil 8–11-iyun kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi Jizzax viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘chma brigadasi tomonidan Sharof Rashidov tumanidagi Ardashxon OShP, G‘ozgontepa OShP, Kuyovboshi OShP hamda 25-OP filialida tibbiy ko‘rik tadbirlari tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik davomida kambag‘allik reyestrida turuvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandi bor oilalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, “D” nazoratidagi bemorlar, Ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlar, keksalar hamda o‘smir qizlar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi.
Jami 328 nafar fuqaro tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi. Tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra, shifokorlar tavsiyasi asosida 299 o‘lchov birligidagi muruvvat dori-darmonlari hamda homilador ayollar uchun kompleks prenatal vitaminlar bepul xayriya tariqasida tarqatildi.
Shuningdek, yotib qolgan bemorlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan patronaj hamshiralari ishtirokida xabar olinib, ularga zarur tavsiya va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbir doirasida aholi o‘rtasida “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish”, “Bolalarda uchraydigan parazitar va infeksion kasalliklarning oldini olish”, “Bachadon bo‘yni saratoni va ko‘krak bezi saratonining oldini olish”, shuningdek, “Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlari” mavzularida ma’ruzalar tashkil etildi.
Mazkur tadbir aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.


