Paxtabod tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamoat fondi Andijon viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy brigadasi a’zolari tomonidan 2026-yil 8–9-iyun kunlari Paxtabod tumanining Eski Qo‘rg‘on, Xayraobod, Boykechik va Yolg‘izbog‘ mahallalarida aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari tashkil etildi.
Tadbir Xalq demokratik partiyasi deputati bilan hamkorlikda o‘tkazilib, unda ijtimoiy reyestrga kiritilgan kam ta’minlangan oilalar vakillari tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi.
Tibbiy ko‘rik davomida fuqarolarning salomatligi tekshirilib, ularga mutaxassis shifokorlar tomonidan zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamiga muruvvat yordami sifatida dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar hamda quritilgan oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Mazkur tadbir aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.


