Qanliko‘l tumanida 372 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2026-yil 8–11-iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi, Qanliko‘l tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasining Qanliko‘l tuman bo‘limi hamkorligida Jana Qal’a OFY hududidagi 17-OPda keng qamrovli tibbiy ko‘rik tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida Aytbay, Markabay, Pirman, A. Begimov, Yerejep, Otarbay va Shomak ovullarida istiqomat qiluvchi fuqarolar tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi. Jami 372 nafar aholi salomatligi tekshirilib, shundan 38 nafar fuqaro EKG tekshiruvidan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda o‘smir yoshlar uchun muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. Jumladan, 172 nafar fuqaroga dori-darmon vositalari va ko‘zoynaklar bepul tarqatildi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi”, “Tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati” mavzularida davra suhbatlari va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar aholi salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.


