Qiziltepa tumanida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va sog‘lom turmush targ‘iboti tadbirlari o‘tkazildi

Qiziltepa tumanida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va sog‘lom turmush targ‘iboti tadbirlari o‘tkazildi

2026-yilning 8–11-iyun kunlari “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi Navoiy viloyati hududiy filiali TIB brigadasi xodimlari Qiziltepa tumani 23-Oilaviy poliklinika (OP) va Xusharti Oilaviy shifokorlik punkti (OShP) tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tadbirlarini tashkil etdilar.

Tibbiy ko‘riklar Qiziltepa tumani 23-OP va Xusharti OShP hududiga qarashli Obod diyor, Kulolon hamda Xusharti mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun o‘tkazildi. Tadbir davomida 164 nafar ayol, 125 nafar bola va 27 nafar erkak, jami 316 nafar fuqaro malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolariga bepul dori-darmon vositalari va ko‘zoynaklar tarqatildi.

Tibbiy ko‘riklar bilan bir qatorda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan ma’rifiy uchrashuvlar ham tashkil qilindi. Unda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola”, “Erta nikohning salbiy oqibatlari” hamda “Profilaktik emlashning mohiyati” mavzularida ma’ruzalar o‘qilib, ishtirokchilarga foydali tavsiyalar berildi.

Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi muhim amaliy ishlardan biri bo‘ldi.