Sh. Rashidov tumanida keng qamrovli tibbiy ko‘rik va xayriya tadbirlari o‘tkazildi
2026-yil 1–4-iyun kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi Jizzax viloyat filiali Tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘chma brigadasi tomonidan Sh. Rashidov tumani KTMP, O‘zbekiston OShP, 22-OP Sayxan filiali hamda Havastlik MFY hududlarida keng qamrovli tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.
Tibbiy ko‘riklar davomida Kambag‘allik reyestrida ro‘yxatda turgan nogironligi bo‘lgan fuqarolar va nogiron farzandi bor oilalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, “D” nazoratidagi bemorlar, Ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlar, keksalar hamda o‘smir qizlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tadbir davomida jami 325 nafar fuqaro malakali tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi. Shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, 481 o‘lchov birligidagi muruvvat dori-darmonlari, ko‘zoynaklar hamda homilador ayollar uchun kompleks prenatal vitaminlar bepul xayriya tariqasida tarqatildi.
Shuningdek, yotib qolgan bemorlar va nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan patronaj hamshiralari ishtirokida manzilli xabar olinib, ularga zarur tavsiyalar va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish”, “Bolalarda uchraydigan parazitar va infeksion kasalliklarning oldini olish”, “Mavsumiy kasalliklarning profilaktikasi” hamda “Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari” mavzularida ma’ruzalar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.


