Navoiyda imkoniyati cheklangan bolajonlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi Navoiy viloyati hududiy filiali tomonidan 16-sonli maxsus nogironligi bo‘lgan bolalar bog‘chasida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda imkoniyati cheklangan bolajonlar o‘zlarining ijodiy ishlari, qo‘l mehnati namunalari hamda chizgan rasmlari bilan faol ishtirok etib, bayramning haqiqiy qahramonlariga aylandilar. Ularning iste’dodi, ijodkorligi va mahorati tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.
Bayram davomida bolalar uchun qiziqarli va quvnoq madaniy dasturlar tashkil etilib, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi tomonidan bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirildi.
Mehr-oqibat, e’tibor va g‘amxo‘rlik ruhida o‘tgan ushbu tadbir bolalarga unutilmas quvonch ulashib, ularning qalbida yorqin taassurotlar qoldirdi. Tadbirning asosiy maqsadi imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatish hamda bayram shukuhini his etishlariga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.


