Bolalar bayrami mehr va quvonchga boy o‘tdi

1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyati hududiy bo‘limi tomonidan Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Iroda markazi” inklyuziv ta’lim markazida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda imkoniyati cheklangan bolajonlar o‘zlarining ijodiy ishlari, qo‘l mehnati namunalari hamda chizgan rasmlari bilan faol ishtirok etib, bayramning haqiqiy qahramonlariga aylandilar. Ularning iste’dodi, ijodkorligi va mahorati tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.

Bayram davomida bolalar uchun quvnoq va qiziqarli dasturlar tashkil etilib, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi tomonidan bolajonlarga bayram sovg‘alari topshirildi.

Mehr-oqibat, e’tibor va g‘amxo‘rlik ruhida o‘tgan ushbu tadbir bolalarga unutilmas quvonch baxsh etdi. Tadbir davomida bolalarning yuzidagi tabassum va quvonch ularning qalbida bayramning yorqin taassurotlari uzoq saqlanib qolishiga zamin yaratdi.