Olmaliq shahrida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlarini virusli gepatit “A” kasalligiga qarshi emlash ishlari boshlandi

“Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi Olmaliq shahar tayanch maskani homiyligi ostida shahrimizdagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar farzandlarini emlash maqsadida Olmaliq shahar Sanitariya-epidemiologiya bo‘limi tomonidan virusli gepatit “A” kasalligiga qarshi 105 doza vaksina sovuqlik zanjiri talablariga qat’iy rioya qilingan holda olib kelindi va 2-sonli Oilaviy poliklinikaga topshirildi.

Emlash ishlari 2026-yil 27-mart kuni 2-sonli Oilaviy poliklinikaning emlash xonasida boshlandi. Tadbirning asosiy maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari salomatligini mustahkamlash hamda virusli gepatit “A” kasalligining oldini olishdan iboratdir.