Xiva tumanida tibbiy ko‘rik va muruvvat aksiyasi o‘tkazildi

2026-yil 15–18-iyun kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Xorazm viloyati hududiy bo‘limi hamda “Ambulans TIP” xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Xiva tumanidagi 43- va 40-son oilaviy poliklinikalarda tibbiy ko‘rik tadbirlarini o‘tkazdilar.

Tadbir davomida Shomoxulum, Parchanxos, Sapcha, Varag‘zon, Otajonto‘ra, Gandimyon, Polosulton va Parisha mahallalari aholisi, asosan ko‘p bolali ayollar hamda o‘smir qizlar zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Jami 327 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, shundan 112 nafariga UTT (ultratovush tekshiruvi) va 34 nafariga EKG tekshiruvi amalga oshirildi.

Tibbiy ko‘rik davomida aholining ehtiyojmand qatlamiga, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlarga hamda o‘smir bolalarga muruvvat yordami sifatida dori-darmonlar, ko‘zoynaklar va gigiyenik vositalar tarqatildi.

Shuningdek, xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan davra suhbatlari va ma’ruzalar tashkil etildi. Unda “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik – umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati”, hamda “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” mavzularida tushuntirish ishlari olib borildi.