Paxtabod tumanida aholi salomatligi yo‘lida keng qamrovli tibbiy ko‘rik va xayriya tadbiri tashkil etildi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy brigadasi a’zolari tomonidan 2026-yil 24–25-iyun kunlari Paxtabod tumanida XDP deputati bilan hamkorlikda keng qamrovli tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik Terak tagi, Tinchlik va Qora yantoq MFYlarida istiqomat qiluvchi aholini qamrab oldi. Tadbir davomida, ayniqsa, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, kam ta’minlangan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar salomatligiga alohida e’tibor qaratildi.
Aholining ehtiyojidan kelib chiqib, muruvvat tariqasida dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar hamda quritilgan oziq-ovqat mahsulotlari imtiyozli ravishda tarqatildi.
Shuningdek, fuqarolarning tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida “Ovqatdan zaharlanishning oldini olish”, “Arterial gipertoniya kasalligi profilaktikasi”, “O‘tkir diareyani davolash” hamda “Qizamiq kasalligining belgilari, klinikasi va profilaktikasi” mavzularida ma’ruzalar o‘qildi va ochiq muloqotlar tashkil etildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning barvaqt oldini olish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.


