Xiva tumanida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli tibbiy ko‘rik va muruvvat aksiyasi o‘tkazildi
2026-yil 22–25-iyun kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyati hududiy bo‘limining “Ambulans TIB” xodimlari tomonidan Xiva tumani tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda keng qamrovli tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik Xiva tumanidagi 41–44-son oilaviy poliklinikalar hududida joylashgan Pishkanik, Al-Xorazmiy, Oqyop, Bo‘ston, Doshyoq va Serchali mahallalari aholisini qamrab oldi. Zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari yordamida, asosan, ko‘p bolali ayollar hamda o‘smir qizlarning salomatligi chuqur o‘rganildi.
Tadbir davomida jami 323 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 113 nafariga ultratovush tekshiruvi (UTT), 36 nafariga elektrokardiografiya (EKG) tekshiruvi amalga oshirildi.
Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamiga, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda bolalar va o‘smirlarga muruvvat tariqasida dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari (suplar) tarqatildi.
Tadbir doirasida xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan davra suhbatlari va ma’ruzalar ham tashkil etildi. Unda “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik – umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati” hamda “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” mavzularida foydali tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘ldi.


