Qanliko‘l tumanida keng qamrovli tibbiy ko‘rik va muruvvat aksiyasi tashkil etildi
2026-yil 22–25-iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumanidagi Sari Oltin OFY tasarrufidagi 16-son oilaviy poliklinikada “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumani bo‘limi hamkorligida keng qamrovli tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik Begjap, Ishan, Bozatau, Bajban, Qorozoy va Xatep ovullari aholisini qamrab oldi. Tadbir davomida 369 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 37 nafariga elektrokardiografiya (EKG) tekshiruvi amalga oshirildi.
Tibbiy ko‘rik yakunlariga ko‘ra, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda bolalar va o‘smirlarga alohida e’tibor qaratildi. Ularning 102 nafariga muruvvat yordami sifatida dori-darmon vositalari va ko‘zoynaklar bepul tarqatildi.
Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish maqsadida davra suhbatlari tashkil etilib, “Sog‘lom turmush tarzi”, “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari” hamda “Vitamin va minerallarning ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar va tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiluvchi navbatdagi ezgu tashabbus bo‘ldi.


