Sirdaryo viloyatida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tibbiy ko‘rik va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi

Sirdaryo viloyatida aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tibbiy ko‘rik va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi

2026-yil 22, 23 va 26-iyun kunlari Xovos tumani tibbiyot birlashmasi, tuman Mahallalar uyushmasi hamda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyati hududiy filiali tibbiy-ijtimoiy brigadasi hamkorligida Xovos tumanidagi Paxtakor oilaviy shifokorlik punkti (Paxtakor MFY), shuningdek, Sharqobod va Mustaqillikning 5 yilligi oilaviy shifokorlik punktlarida keng qamrovli tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Tadbir davomida jami 201 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamiga alohida e’tibor qaratilib, 150 nafar fuqaroga muruvvat yordami sifatida dori-darmon vositalari hamda ko‘zoynaklar bepul tarqatildi.

Shuningdek, aholi va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan davra suhbatlari o‘tkazildi. Unda “Yod tanqisligi kasalliklari” hamda “Reproduktiv salomatlik” mavzularida mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar o‘qilib, ishtirokchilarga foydali tavsiyalar va tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, 2026-yil 24-iyun kuni Sirdaryo viloyati teleradiokompaniyasi viloyat bo‘limining 44 nafar xodimi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ushbu ko‘riklar xodimlar salomatligini baholash, kasalliklarni erta aniqlash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qildi.

Mazkur tadbirlar aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.