2026-yil 22–25-iyun kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Jizzax viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘chma brigadasi tomonidan Jizzax viloyati Ftiziatriya va pulmonologiya markazi bilan hamkorlikda aholi uchun keng qamrovli chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik Do‘stlik tumanidagi Bunyodkor oilaviy shifokorlik punktiga qarashli Bunyodkor MFY hamda Sharof Rashidov tumanidagi Qoratepa, Ziyokor va 25-son oilaviy poliklinikalar hududiga qarashli Qulpisar, Ziyokor, Xavastlik, Sovungarlik, Xayraobod, Kattaqishloq, Sharilloq va Yoshlik mahallalari aholisini qamrab oldi.
Tadbir davomida dispanser nazoratida turgan bemorlar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, keksalar hamda o‘smir qizlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Jami 327 nafar fuqaro malakali tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.
Ko‘rik natijalariga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamiga, jumladan, kambag‘allik reyestrida turgan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandi bor hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarga shifokorlar tavsiyasi asosida 378 o‘lchov birligidagi muruvvat yordami — dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va quritilgan sabzavotli oziq-ovqat aralashmalari bepul xayriya tariqasida tarqatildi.
Shuningdek, yotib qolgan bemorlar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning holidan patronaj hamshiralar ishtirokida xabar olinib, ularga zarur tibbiy tavsiyalar va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Aholining tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida “Sil kasalligining oldini olish”, “To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish”, “Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari”, “Bachadon bo‘yni saratoni va ko‘krak bezi saratonining oldini olish” mavzularida ma’ruzalar o‘qilib, davra suhbatlari tashkil etildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni barvaqt aniqlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi navbatdagi samarali tashabbus bo‘ldi.


