"Xiva tumanida 166 nafar aholi chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va sog‘lom turmush targ‘ib qilindi"
2026-yil 29–30-iyun kunlari "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyati hududiy bo‘limining Ambulans TIP xodimlari Xiva tumani tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Xiva tumanidagi Chanashiq oilaviy shifokorlik punktida tibbiy-sog‘lomlashtirish tadbirini o‘tkazdilar.
Tadbir davomida Qora Tomoq va Chanashiq mahallalari aholisi zamonaviy diagnostika va davolash uskunalaridan foydalangan holda chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Asosan ko‘p bolali ayollar va o‘smir qizlar salomatligiga alohida e’tibor qaratildi. Jami 166 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 56 nafari ultratovush tekshiruvi (UTT), 18 nafari esa elektrokardiografiya (EKG) tekshiruvidan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik davomida aholining ehtiyojmand qatlamiga, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlarga hamda bolalarga muruvvat yordami sifatida dori-darmonlar, ko‘zoynaklar va boshqa zarur vositalar tarqatildi.
Shuningdek, xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan ma’ruzalar hamda davra suhbatlari tashkil etildi. Unda "Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish", "Erta turmushning salbiy oqibatlari", "Jismoniy faollik — umr kaliti", "Sog‘lom ovqatlanish odatlari", "Vitamin va minerallarning ahamiyati" hamda "Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati" mavzulari keng yoritildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning erta profilaktikasi hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.


