"Qanliko‘l tumanida ehtiyojmand aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik va muruvvat aksiyasi o‘tkazildi"
2026-yil 29-iyun – 2-iyul kunlari Qanliko‘l tumani Sari Oltin OFY hududidagi 16-OPda Qoraqalpog‘iston Respublikasi "Sog‘lom avlod uchun" xayriya fondi, tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qanliko‘l tumani bo‘limi hamkorligida keng ko‘lamli tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik davomida Beg Jap, Ishan, Bozatau, Bajban, Qoroz Oy va Xatep ovullarida istiqomat qiluvchi jami 363 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 38 nafar fuqaro EKG tekshiruvidan o‘tkazildi.
Ko‘rik natijalariga ko‘ra, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda yosh o‘smirlarga dori-darmonlar va ko‘zoynaklar bepul muruvvat yordami sifatida tarqatildi. Jami 96 nafar fuqaroga beg‘araz yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida "Sog‘lom turmush tarzi", "To‘g‘ri ovqatlanish", "Tibbiy ko‘rikning ahamiyati", "Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari", "Sog‘lom ovqatlanish odatlari" mavzularida davra suhbatlari tashkil etilib, foydali tavsiyalar berildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish hamda ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.


