Xorazm viloyatida “Do‘stlik kubogi” badminton musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Urganch shahridagi **“Badminton markazi”**da “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Xorazm viloyati hududiy bo‘limi (direktori Yulduz Mehribonova), Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi (direktori Jamoliddin Abdullayev) hamda Xorazm viloyati badminton federatsiyasi (ijrochi direktori Sobirjon Asqarov) hamkorligida badminton bo‘yicha “Do‘stlik kubogi” musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazildi.
Miks (aralash juftlik) yo‘nalishida tashkil etilgan musobaqada Xorazm va Jizzax viloyatlaridan 50 nafarga yaqin badmintonchilar g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdilar.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida badminton sport turini ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda hududlar o‘rtasidagi do‘stlik va sport hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.


