Qoraqalpog‘iston Respublikasida Xalqaro do‘stlik kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazildi
Millatlar do‘stligi va bag‘rikenglik g‘oyalari keng targ‘ib qilindi
30-iyul — Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanidagi Turkman milliy madaniy markazi, shuningdek, To‘rtko‘l, Kegeyli, Bo‘zatov, Qanliko‘l tumanlari hamda Nukus shahridagi Do‘stlik kanali bo‘yida “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar hamda kitob ko‘rgazmalari tashkil etildi.
Tadbirlarda o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus va koreys millatlari vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, Ma’rifat targ‘ibotchilari, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida milliy qadriyatlar, millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik g‘oyalari keng targ‘ib qilinib, ishtirokchilar uchun madaniy-konsert dasturlari namoyish etildi.
“Sog‘lom tan — sog‘lom tafakkur” shiori ostida sport musobaqalari tashkil etildi
Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan To‘rtko‘l tumanining Oqqamish OFY hududi, Qanliko‘l va Bo‘zatov tumanlarida “Sog‘lom tan — sog‘lom tafakkur” shiori ostida sport musobaqalari va “Do‘stlik” turnirlari o‘tkazildi.
Musobaqalar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda milliy sport turlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilar tennis, shaxmat-shashka, tosh ko‘tarish, arqon tortish, langa va boshqa milliy xalq o‘yinlari bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi
Xalqaro do‘stlik kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan barcha tadbirlar ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritilib, jamoatchilikka tezkor va batafsil ma’lumotlar yetkazildi.


