Gurlan tumanida 317 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Gurlan tumanida 317 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

2026-yil 3–6-avgust kunlari “Sog‘lom avlod uchun” XHF Xorazm viloyat hududiy bo‘limining “Ambulans” tipidagi brigadasi Gurlan tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlari bilan hamkorlikda tumandagi 9- va 10-son oilaviy poliklinikalarda tibbiy ko‘riklar o‘tkazdi.

Mazkur tadbir davomida Eshimjiron, Qatariq, Moyli, Yormish, Fidokorlar, Navbiryo‘p, Dehqon va Ziyokor mahallalarida istiqomat qiluvchi jami 317 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 110 nafar fuqaroga UTT, 34 nafar fuqaroga EKG tekshiruvi amalga oshirildi.

Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamlari — keksa onaxon va otaxonlar, bolalar, homilador ayollar hamda nogironligi bo‘lgan fuqarolardan jami 78 nafariga muruvvat yordami ko‘rsatildi. Ularga zarur dori-darmonlar va ko‘zoynaklar bepul tarqatildi.

Shuningdek, aholida sog‘lom oilalarni shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida shifokor-mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar o‘tkazilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Bunday tadbirlar aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.