Gurlan tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi

Gurlan tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi

2026-yil 10–13-avgust kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyat hududiy bo‘limining “Ambulans” TIB xodimlari Gurlan tumani Tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Gurlan tumanidagi 11–13-son oilaviy poliklinikalarda tibbiy ko‘riklar tashkil etdilar.

Tibbiy ko‘riklar davomida Nukus, Paxtakor, Nurli yo‘l, Birlashgan, Nurafshon, Esabi, Mevazor va Do‘stlik mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi, ayniqsa, ko‘p bolali ayollar hamda o‘smir qizlardan jami 321 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 113 nafariga UTT, 34 nafariga EKG tekshiruvlari o‘tkazildi.

Tadbir davomida aholining ehtiyojmand qatlamlariga, yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda o‘smir bolalarga muruvvat yordami ko‘rsatilib, dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi bukletlar tarqatildi.

Shuningdek, xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’ruzalar hamda davra suhbatlari o‘tkazildi. Tadbirlar davomida “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik — umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati”, “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” kabi dolzarb mavzularda tushuntirish ishlari olib borildi.

Mazkur tibbiy-profilaktik tadbirlar aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash, xotin-qizlar va bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.