Navbahor tumanida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi

Navbahor tumanida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar o‘tkazildi

2026-yil 10–13-avgust kunlari “Sog‘lom avlod uchun” XHF Navoiy viloyat hududiy filiali TIB brigadasi xodimlari Navbahor tumani Tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan hamkorlikda Navbahor tumanidagi 7- va 9-son oilaviy poliklinikalarga qarashli Navkar, Chorvoqguzar, Burgut hamda O‘zbekiston mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etdilar.

Tibbiy ko‘riklar davomida jami 281 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 124 nafari ayollar, 117 nafari bolalar va 40 nafari erkaklarni tashkil etdi.

Tibbiy ko‘riklar davomida nogironligi bo‘lgan fuqarolar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolariga alohida e’tibor qaratilib, ularga bepul dori-darmon vositalari va ko‘zoynaklar tarqatildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, oilaviy salomatlikni mustahkamlash va bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan ma’ruzalar va suhbatlar o‘tkazildi. Jumladan, “Qarindoshga quda bo‘lmang”, “Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni to‘g‘ri ovqatlantirish” mavzularida tushuntirish ishlari olib borildi.

Mazkur tadbirlar aholining tibbiy savodxonligini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.