Navbahor tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi

Navbahor tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi

2026-yil 17–20-avgust kunlari “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi Navoiy viloyati hududiy filiali TIP brigadasi xodimlari hamda Navbahor tumani tibbiyot birlashmasi mutaxassislari hamkorligida Navbahor tumanidagi 10-son oilaviy poliklinikaga qarashli Qalqo‘nota, O‘zbekiston, Halovattepa va Toshrobot mahallalarida yashovchi aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Tibbiy ko‘rik davomida jami 356 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 227 nafari ayollar, 115 nafari bolalar va 14 nafari erkaklardan iborat bo‘ldi. Aholining salomatlik holati mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, zarur tibbiy tavsiyalar berildi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolariga beg‘araz ravishda dori-darmon vositalari va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi bukletlar tarqatildi.

Tadbir doirasida aholi o‘rtasida sog‘lom va farovon hayot tarzini shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari ham olib borildi. Jumladan, “Qarindoshga quda bo‘lmang”, “Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari”, “Sog‘lom turmush tarzi” hamda “1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni to‘g‘ri ovqatlantirish” mavzularida ma’ruzalar o‘tkazildi.

Mazkur tibbiy ko‘rik va targ‘ibot tadbirlari aholining tibbiy savodxonligini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.